26-aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni.

26-aprel – Xalqaro intellektual mulk kuni

Insoniyat tafakkuri rivoji bilan XXI asrga kelib ilm-fan va texnika taraqqiyoti yana-da jadallashdi. Hayotimizga qanchadan-qancha soʻnggi rusumdagi texnikalar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari kirib keldi. Kompyuter, qoʻl telefoni, planshet vositalari yaqin koʻmakchimizga aylanib ulgurdi. Internet tarmogʻi qulayliklari shu qadar koʻpki, ularni sanab adogʻiga yetolmaymiz. Bularning barchasi inson tafakkuri mevasi hisoblanadi. Shunga koʻra, intellektual mulk har qanday jamiyat taraqqiyotida salmoqli oʻrinlardan birini egallaydi.

Inson tafakkurining mahsuli sifatida yaratilgan fan, adabiyot va sanʼat asarlari hamda sanoat namunalari har bir davlatda huquqiy himoyaga olingan. Bu toifadagi mahsulotlardan dunyo jamoatchiligi bahramand boʻlishi uchun esa kelishuv va shartnomalar asosida boshqa davlatlarda ham foydalanishga yoʻl qoʻyilgan. Buning uchun ham milliy, ham xalqaro-huquqiy asoslar va mexanizmlar yaratilgan.

Xalqaro konvensiya, bitim va shartnomalar tizimi samarali tashkil etilganligi sababli, jahon hamjamiyati intellektual mulk obyektlari va uning savdosidan katta miqdorda daromad olmoqda. Demakki, gʻoyalar, ishlanmalar va shaxsiy huquqlar rivojlangan mamlakatlar yalpi ichki mahsulotida kattagina ulushga ega boʻlmoqda. Davlatlararo xalqaro hamkorlikni taʼminlash maqsadida esa xalqaro universal hukumatlararo tashkilotlar ham tuzilgan.

1967-yilda Jahon intellektual mulk tashkiloti (JIMT)ni taʼsis etish toʻgʻrisida konvensiya qabul qilindi va 1970-yil 26-apreldan boshlab konvensiya amal qila boshladi. Mazkur konvensiyada intellektual mulk obyektlari tasnifi berilishi bilan birga, xalqaro tashkilotni tuzish, uning rahbar organlari va faoliyatining huquqiy-tashkiliy asoslari, davlatlarning aʼzoligi masalalari ham belgilangan. Xususan, Konvensiyada tashkilotning asosiy organlari — Bosh Assambleya, Konferensiya, Muvofiqlashtiruvchi qoʻmita, Xalqaro byuro faoliyati va tashkiliy-huquqiy asoslari yoritib berilgan.

Konvensiyaga koʻra intellektual mulk deganda, fan, adabiyot, sanʼat asarlari, ixtiro, foydali model, sanoat namunasi, seleksiya yutuqlari, tovar belgilari, tovar kelib chiqqan joy va boshqa shularga oʻxshagan obyektlar tushuniladi.

1974-yilda JIMTga Birlashgan millatlar tashkilotining maxsus universal tashkiloti maqomi berildi. Shunga koʻra 2000-yildan boshlab JIMTga aʼzo davlatlarida “26-aprel — Xalqaro intellektual mulk kuni” sifatida nishonlanishga kelishildi. Ushbu bayram munosabati bilan butun dunyoda har yili turli tadbirlar tashkil etib kelmoqda. Har yili bayram sanasi oldidan JIMT Bosh direktori dunyo hamjamiyatiga murojaat bilan chiqadi.

Bugungi kunda dunyoning 180 dan ortiq davlati JIMTning aʼzosi hisoblanadi. Oʻzbekiston 1991-yilda JIMTning aʼzosi boʻldi va oʻtgan davrda Sanoat mulkini muhofaza qilish boʻyicha Parij konvensiyasi, Belgilarni xalqaro roʻyxatdan oʻtkazish uchun Madrid bitimiga doir Bayonnoma va Protokoli, Patent kooperatsiyasi toʻgʻrisida shartnoma, Tovar belgilariga oid qonunlar toʻgʻrisida shartnoma, Patent huquqi toʻgʻrisida shartnoma, Oʻsimliklar yangi navlarini muhofaza qilishga oid xalqaro konvensiya, Patent tadbirlari maqsadlari uchun mikroorganizmlarni deponentlash­tirishni xalqaro eʼtirof etish toʻgʻrisidagi Budapesht shartnomasi, Belgilarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun tovar va xizmatlarning xalqaro tasnifi toʻgʻrisidagi Nissa bitimi, Xalqaro patent tasnifi toʻgʻrisidagi Strasburg bitimi, Sanoat namunalarining xalqaro tasnifini taʼsis etish toʻgʻrisidagi Lokarno bitimi, Badiiy va adabiy asarlarni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Bern konvensiyasi, Fonogramma tayyorlovchilarining manfaatlarini ularning fonogrammalarini noqonuniy takrorlanishidan muhofaza qilish toʻgʻrisidagi Jeneva konvensiyasi, JIMTning ijro va fonogrammalar boʻyicha shartnomasi, JIMTning mualliflik huquqi boʻyicha shartnomasi kabi xalqaro hujjatlarga aʼzo boʻldi.

Mazkur hujjatlar asarlar va ilmiy-texnikaviy ishlanmalarni chet elda ham muhofaza qilishga va eksport qiluvchilarning tashqi iqtisodiy faoliyatiga yordam beradi hamda chet el investitsiyalarini milliy sanoatimizga jalb etishga koʻmaklashadi.

JIMTning birinchi Bosh direktori sifatida Xendrik Xristian Bodenxauzen (Niderlandiya) 1970-1973-yillarda faoliyat olib borgan boʻlsa, keyinchalik 1973- 1997-yillarda Arpad Bogsh (Vengriyadan chiqqan AQSH fuqarosi), 1997-2008-yillarda Komil Idris (Sudan) tashkilotga rahbarlik qilgan, 2008-yildan hozirga qadar esa Frensis Gaarri (Avstraliya) rahbarlik qilib kelmoqda.

JIMT bilan Oʻzbekiston oʻrtasida yaxshi xalqaro hamkorlik oʻrnatilgan. 1996 va 2000-yillarda JIMT sobiq Bosh direktorlari Arpad Bogsh va Komil Idris boshchiligida tashkilotning Xalqaro byurosi delegatsiyalari rasmiy tashriflari chogʻida Oʻzbekistonning intellektual mulk huquqiga oid davlat siyosatini olib borishdagi xalqaro nufuzi rasman eʼtirof etildi.

Oʻzbekistonda intellektual mulk huquqini himoya qilishga alohida eʼtibor qilinib, uning institutsional asoslari takomillashtirmoqda. Xususan, 2019-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tasarrufiga oʻtkazildi va uning vakolatlari yana-da kengaytirildi, muhim vazifalar yuklatildi. Bugungi kunda Agentlikka intellektual mulk obyektlarini huquqiy muhofaza qilish va ularga boʻlgan huquqlarni himoya qilishga oid qonun hujjatlari talablariga rioya etilishini qatʼiy nazorat qilish, respublika hududiga qalbaki tovarlarning olib kirilishi va aylanishiga chek qoʻyishda vakolatli davlat organlari bilan hamkorlik qilish, intellektual mulk sohasida davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, tadbirkorlik subyektlari bilan manfaatli hamkorlikni taʼminlash, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlashga koʻmaklashish asosiy vazifalar sifatida yuklatilgan.

Sohada kadrlar tayyorlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Toshkent davlat yuridik universitetida “Intellektual mulk” kafedrasi tashkil etilgan edi. 2019-yildan boshlab mazkur universitetda Intellektual mulk huquqi magistratura yoʻnalishi ham tashkil etildi. Intellektual mulk sohasidagi kadrlar, xususan, patent vakillarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish Yuristlar malakasini oshirish markaziga yuklatilgan.Chunki, intellektual mulkni ishonchli himoya qilish, huquq egalariga malakali huquqiy yordam koʻrsatish zamonaviy fikrlaydigan yetuk kadrlarga bevosita bogʻliq.

Intellektual mulkning huquqiy himoyasiga doir qonunchilikni bugungi kun talablaridan kelib chiqib takomillashtirish milliy iqtisodiyotning innovatsion rivoji hamda mamlakatning intellektual ishlab chiqarishi va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi. Shu bois yangi intellektual mulk obyektlarini yaratish, ilmiy-ijodiy faoliyatni moddiy qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotni innovatsion bosqichga oʻtkazish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, ayniqsa, sohada huquqni qoʻllash amaliyotini kuchaytirish, huquq egalarining tegishli huquqlariga ogʻishmay rioya etish dolzarb vazifalardan boʻlib qolaveradi.

Gulnora XUDAYBERDIYEVA,
Toshkent irrigatsiya instituti
dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Intellektual faoliyat va uning huquqiy himoyasi