"O‘zatom" agentligi qoshidagi Atom texnologiyalari axborot markazida (ATAM) maktab o‘quvchilari o‘rtasida "Intellekt formulasi" intellektual o‘yinlar chempionatining final bosqichi o‘tkazildi.
"Kelajak energiyasi" avtonom notijorat tashkiloti tomonidan ATAM va "Rosatom" davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Belarus va Qozog‘istondan 125 ta jamoa onlayn ishtirok etib, g‘oliblik uchun bahslashdi.
O‘zbekistonlik o‘quvchilar 2022 yildan buyon ushbu chempionatda ishtirok etib kelmoqda. Bu yil finalda respublikamizning 94 ta jamoasi ishtirok etish uchun bellashdi va ularning sakkiztasi yakuniy bosqichga yo‘l oldi.
- Bugun O‘zbekiston sharafini himoya qildik. Bizga oltinchi o‘rin nasib etdi. Lekin natija biz uchun yetarli emas. Ayrim omillar, jumladan, omad, natijaga ta’sir etdi. Biz kelgusida yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishni rejalashtirganmiz, - dedi "Iqtidorlar akademiyasi" jamoasi a’zosi Soliha Adhamova.
Tadbirda ishtirok etgan "O‘zatom" agentligining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Gulruxsor Ravshanova yosh bilimdonlarning yuqori darajadagi bilim va faolligini ta’kidladi.
- Yoshlar turli sohalardagi bilimlarini namoyish etdi. "Intellekt formulasi" kabi loyihalar nafaqat mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga, balki o‘quvchilarga kelajakdagi kasb tanlovi yo‘nalishini belgilashga yordam beradi. Bugungi yoshlar bilan yorqin kelajakka ishonchimiz ortmoqda, -dedi G.Ravshanova.
N.Ziyodullayeva, O‘zA