Institutda “Sumalak sayli”
Andijon davlat pedagogika institutida “Sumalak sayli”tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, qolaversa, bahor tashrifiga hamohang tarzda tashkil etilgan “Sumalak sayli” tadbirlarida institutning professor-o‘qituvchilari, ishchi-xodimlari, talabalari ishtirok etdi.

Bugun ko‘ngillarga xushnudlik baxsh etib yurtimizda bahor shabadasi esmoqda. Quyoshning iliq taftidan bahra olayotgan zamin, dov-daraxtlar yashil libosini kiymoqda. Mana shunday tarovatli kunlarda mehnat jamoalari, ta’lim muassasalari, mahalla, qishloq va shaharlarda o‘tkazilayotgan obodonlashtirish ishlari, sumalak sayli singari tadbirlar xalqimizning azaliy udumlarini, yurtdoshlarimiz o‘rtasida mehr-oqibat rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

“Sumalak sayli” ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan institut rektori, professor Baxtiyorjon Rasulov barchani kirib kelgan bahor fasli, Ramazon oyi bilan samimiy muborakbod etdi.
– Sumalak sayli tadbiri xalqimizning qadim an’analarini ulug‘lash, targ‘ib etish bilan birga, jamoamizdagi ahillik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, – deydi institut rektori B.Rasulov. – Qolaversa, jamoamizning har bir a’zosi qalbiga xushnudlik, bahoriy kayfiyat ulashadi.

Tadbirda ezgu niyatlar ila duolar qilindi. Bayramona dasturxon yozilib, katta doshqozonda sumalak tayyorlandi, turli bahoriy taomlar pishirildi, milliy liboslar ko‘rgazmalari namoyish etildi.
Taniqli san’atkorlar, iqtidorli talaba yoshlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi, sho‘x kuy-qo‘shiqlar, raqslar, tadbirga o‘zgacha fayz, ishtirokchilarga xush va bayramona kayfiyat ulashdi.

– Xalqimizning qadim va bahoriy taomi – sumalak ulug‘langan ushbu tadbirda qatnashib, ulkan taassurotlar oldik, – deydi institutning filologiya fakulteti talabasi Farangiz Kamoldinova. – Ana shu taassurotlar, bahoriy kayfiyat, ko‘tarinkilik bizga uzoq vaqt kuch, shijoat berishiga ishonaman.
“Sumalak sayli” bahoriy yangilanish, mehr-oqibat ramzi sifatida institut jamoasining ahilligi, hamjihatligining namoyishi bo‘ldi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari