Navoiy davlat pedagogika institutida 2023-2024 o‘quv yilida amalga oshirilgan ishlar va yangi o‘quv yilida belgilangan strategik vazifalarga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda institutda 18790 nafar talaba tahsil olmoqda. Ularning 305 nafari magistr hisoblanadi.
5 tilda ta’lim va tarbiya berib kelinayotgan oliygohda 11 ta fakultet tarkibida 26 ta kafedra faoliyat ko‘rsatmoqda. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari soni 34 taga, magistratura mutaxassisliklari soni esa 18 taga yetdi.
[gallery-19155]
– Joriy o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishining kunduzgi ta’lim shaklida maxsus pedagogika: logopediya, astronomiya, amaliy matematika va sport faoliyati: dzyudo, futbol, basketbol, voleybol va qo‘l to‘pi yo‘nalishlari ochildi, – dedi institut rektori Muhiddin Kalonov. – Joriy o‘quv yili oldidan institut mablag‘lari hisobidan tarix, ingliz tili va adabiyoti, rus va qozoq filologiyasi, jismoniy madaniyat fakultetlari binolari, shuningdek, 3 ta talabalar turar joylari joriy ta’mirlandi. Institut bosh binosida talabalarni yotoqxona hamda ijara xonadonlari bilan ta’minlash markazi ishga tushirildi. Har bir talabalar turar joylarida ushbu markazlarning filiallari tashkil qilinib, ular uchun zarur sharoitlar yaratib berilmoqda. O‘quv yilini namunali boshlash va zamonaviy sharoitlarni yaratish maqsadida Bosh bino hududida zamonaviy “Registrator ofis” binosi qurilishi davom etmoqda.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, institut bir qator xalqaro reytingda e’tirof etildi. Jumladan, 2024 yilning iyun oyida Buyuk Britaniyaning Times Higher Education (Impact Rankings) THE reyting agentligi – dunyo universitetlarining BMT – “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga (SDGs) muvofiqligini baholovchi global reytingda 17 ta yo‘nalish bo‘yicha Navoiy davlat pedagogika instituti ilk bor TOP – 1000 talik oliy o‘quv yurtlari qatorida qayd etildi. Shuningdek, sifatli ta’lim bo‘yicha 401-600 o‘rinda, “University Impact Ranking-2024” natijalarida gender tengligi bo‘yicha 401-600 o‘rinda, qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha 601-800 o‘rinda, sanoat innovatsiyasi va infratuzilmasi bo‘yicha 601-800 o‘rinda, ekotizimlarini asrash bo‘yicha 801+ o‘rinlarini egalladi.
Institutda Xalqaro reytingi baland bo‘lgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ham professor-o‘qituvchilar almashinuvi yo‘lga qo‘yildi. 2024 yilning shu davrida institut o‘qituvchilarining 44 nafari xorijiy oliy ta’lim muassasalarida stajirovka o‘tab qaytdi. Shuningdek, 18 nafar xorijlik mutaxassis institutda bo‘lib, mahorat darslarini o‘tib berdi.
Hozirgi kunga qadar Navoiy davlat pedagogika instituti AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belarus, Hindiston, Malayziya, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlarning 30 dan ortiq reytingi baland oliy o‘quv yurtlari bilan shartnoma, memorandumlar imzolagan va ta’lim sohasida hamkorlik qilmoqda.
2021-2024 yillarda institutning “Psixologiya” hamda “O‘zga tilli maktablarda rus tili” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha Belarus Respublikasining Polotsk davlat universiteti bilan “2+2” dasturi asosida qo‘shma ta’lim dasturini yakunladi va ilk bor 13 nafar talaba Navoiy davlat pedagogika instituti hamda Polotsk davlat universiteti talabasi sifatida “qo‘sh diplom”li bo‘ldi.
Matbuot anjumanida institutning 2024/2025 o‘quv yili uchun belgilangan strategiyasi haqida ham ma’lumot berildi.
Institutda ta’lim sifati bosqichma-bosqich oshirilib, o‘quv, talabalarga xizmat ko‘rsatish tizimlari to‘liq raqamlashtiriladi va HEMIS tizimi boshqaruviga o‘tkaziladi. Natijada ta’lim jarayonlariga inson omilining aralashuviga yo‘l qo‘ymaydi. Ta’lim jarayonlari xalqaro standartlarga moslashtirib, “kredit-modul” tizimiga to‘liq o‘tkaziladi.
Jahonning rivojlangan TOP-300 talik ro‘yxatida turadigan oliy ta’lim muassasalarining o‘quv fan va rejalari, dasturlari o‘zlashtiriladi, ta’limning yangicha texnologiyalari tatbiq etiladi.
Axborot resurs markazi tubdan isloh qilinadi va raqamlashtiriladi. Bu yerga yangi avlod o‘quv adabiyotlari, jahon miqyosida o‘qitiladigan fanlardan adabiyotlar xarid qilinadi. ARMning moddiy-texnik bazasi takomillashtiriladi. Jahonning rivojlangan mamlakatlari kutubxonalari bilan integratsiya qilinadi. Elektron Ye-kutubxona tizimi joriy qilinadi.
Ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish, laboratoriyalar, Ilmiy aql markazlari bunyod etilib, institutda pedagogika, o‘zbek tili va adabiyoti, matematika, fizika mutaxassisliklaridan ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Navoiy davlat pedagogika instituti kampusini barpo etish ishlari boshlanib, o‘quv sifatini yanada yaxshilash, samaradorligini oshirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni namunali tashkil qilish borasida moddiy-texnik ta’minot mustahkamlanadi.
Matbuot anjumanida OAV vakillari va jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari