“Instagram” 90 daqiqalik videolarni sinovdan o‘tkazmoqda
"Instagram" platformasi “YouTube” bilan raqobatlashish maqsadida mualliflarga davomiyligi bir yarim soatgacha bo‘lgan video roliklarni joylashtirish imkonini beruvchi "Features" nomli yangi formatni sinovdan o‘tkaza boshladi.
Kompaniya shu tariqa podkastchilar, komiklar hamda yirik kontent yaratuvchilarni jalb qilish va foydalanuvchilarni ilova ichida uzoqroq ushlab turishni ko‘zlagan. Yangi funksiya haqida “Instagram” rahbari Adam Mosseri va mahsulot bo‘yicha vitse-prezident Tessa Layons ma’lum qildi. Braziliyada boshlangan dastlabki sinovdan so‘ng ushbu imkoniyat AQSHdagi tanlab olingan blogerlar uchun ochiladi. Yangilik boshqa mamlakatlarda qachon joriy etilishi hozircha noma’lum.
Uzun formatdagi video odatiy “Reels” bo‘limi bilan o‘zaro bog‘lanadi. Natijada foydalanuvchi podkast yoki ko‘rsatuvdan qisqa parcha tomosha qilib, ilovadan chiqmagan holda to‘liq talqinga o‘tishi mumkin. Shuningdek, lavhani tavsiya bo‘limida ham to‘liq ko‘rsatish hamda televizor orqali ko‘rish qulay bo‘lishi uchun tik shaklda chiqarish rejalashtirilgan. Darvoqe, “Instagram” uzun video bozoriga kirish uchun ilk bor urinayotgani yo‘q: 2018-yil kompaniya IGTV xizmatini ishga tushirgan, ammo 2022-yilga kelib loyiha yopilgan. Bu galgi platforma yana bir bor qisqa rolik va to‘liq formatdagi shoularni yagona ilovada birlashtirishga qaratilgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA