Inspektorlar issiqxonalarning fitosanitar holatini o‘rganmoqda
Yurtimizda yetishtiriladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga xorijda hamisha talab yuqori.
Shu bois, tadbirkor va fermerlarimiz virusdan holi mahsulotlarni yetishtirish va eksport qilishga harakat qilmoqda.
Bu borada issiqxonalarning fitosanitar holati, yetishtirilgan mahsulotlarning namunalari hududiy O‘simliklar karantini inspeksiyasida tekshirilmoqda.
– Bugun Yangihayot tumanidagi issiqxonlarda yetishtirilayotgan pomidor, bodring, baqlajon va bulg‘or qalampiri ko‘chatlarining fitosanitar holati o‘rganildi, – deydi Toshkent shahar O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Sergeli tumani inspektori Jahongir Narziyev. – Shuningdek, “Solanuz” korxonasiga tegishli omborxonalarda saqlanayotgan, sotishga mo‘ljallangan 2 ming 350 tonna kartoshka, 200 tonna makkajo‘xori doni, 42 tonna yeryong‘oq va 491 tonna bug‘doy kepagi birlamchi ko‘rikdan o‘tkazildi. Bu mahsulotlarda karantin organizmlari va boshqa zararkunandalar uchramasa, ichki fitosanitar sertifikati rasmiylashtiriladi. Sergeli tumanida ham issiqxonalar nazorat qilinmoqda.
Qayd etish kerakki, Sergeli tumanining umumiy yer maydoni 5 ming 600 gektar bo‘lib, shundan 2 ming 800 gektari yashil maydondan iborat. Obodonlashtirish boshqarmasi tasarrufida 25 ming 500 dona turli xil mevali va manzarli daraxt mavjud bo‘lib, shundan 58 ta daraxt turli xil sabablarga ko‘ra qurib qolgan. Tegishli tashkilotlar xulosasiga asosan kesib tashlangan.
Toshkent shahar O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Sergeli tumani inspektori 2020 yil davomida dala nazorati bo‘yicha 183 dalolatnoma rasmiylashtirgan. Tuman inspektori 1 ming 600 gektar yashil maydonlarda parvarish qilinayotgan mavsumiy gullar, mevali va manzarali daraxtlarda karantin nazorati o‘tkazgan.
“Zarpechak”, “Archa unsimon qurti” kabi begona o‘tlar ma’lum yerlarda uchraydi. Ushbu zararkunanda va begona o‘tlarning tuman hududida ko‘payishi, tarqalishi hamda gul, mevali va manzarali daraxtlarga zarar yetkazmasligi uchun kimyoviy qarshi kurash va agrotexnik kurash choralari borasida tavsiyalar berilmoqda.
Ayni vaqtda Sergeli tumanida firmalarga qarashli 37 omborxona mavjud. Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli yettita tegirmon bor. Ular Qozog‘istondan bug‘doy olib kelib, o‘zlariga qarashli tegirmonda qayta ishlab, Afg‘oniston davlatiga eksport qilish bilan shug‘ullanmoqda.
Karantin ostidagi mahsulotlarni yetishtirish, tayyorlash, saqlash, tashish, qayta ishlash hamda realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari karantin ostidagi yuklar saqlanadigan omborxonalarda ombor zararkunandalarini ko‘payishiga va tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik chorasini ko‘rmoqda.
O‘simliklar karantini inspektorlari hududlarda har yili kamida bir marta zararsizlantirish (fumigatsiya) ishlarini amalga oshirib kelmoqda.