Insonparvarlik yuki yetkazib berildi
Kobulda O‘zbekistondan Afg‘oniston xalqiga yuborilgan insonparvarlik yukini topshirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Yaqinda Afg‘onistonning Xost va Paktika provinsiyalarida ro‘y bergan vayronkor zilzila oqibatini yumshatish maqsadida mamlakatimizdan un, o‘simlik yog‘i, konserva mahsulotlari, oyoq kiyim va dori-darmon, jami 74 tonnadan iborat insonparvarlik yordami ikkita yuk samolyotida Afg‘onistonga yetkazildi.
Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati axborot va madaniyat vaziri vazifasini bajaruvchi Xayrulla Xayrxva Afg‘oniston hukumati nomidan Prezident Shavkat Mirziyoyevga, do‘st O‘zbekiston xalqiga ushbu og‘ir va sinovli vaziyatda afg‘on eliga ko‘rsatilgan bebaho yordam uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “O‘zbekiston rahbari butun dunyoga Afg‘oniston xalqiga nisbatan ulkan jasorat, beg‘araz birodarlik munosabati namunasini yana bir bor namoyon etdi. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyevning samimiy va g‘oyat insonparvar ekanligidan dalolatdir».
Alohida qayd etilganidek, Afg‘onistondagi dahshatli fojiadan so‘ng zudlik bilan ko‘rsatilgan yordam minglab oddiy afg‘onlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari o‘rtasidagi chuqur tarixiy-ma’naviy, madaniy-gumanitar aloqalarni ta’kidlar ekan, X.Xayrxva mamlakat hukumati ushbu rishtalarni yanada rivojlantirishga intilayotganini ta’kidladi.
“O‘zbek zamini xazinalari sanalmish qadimiy Samarqand va Buxoro islom madaniyati markazlari bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qoladi, ularni, jumladan, butun afg‘on xalqi e’zozlaydi.
Ishonchimiz komilki, O‘zbekistonning bunday chinakam samimiy ko‘magi qardoshlik rishtalarimizni mustahkamlashga, xalqlarimiz va mamlakatlarimiz yanada yaqinlashuviga xizmat qiladi”, — dedi Afg‘oniston madaniyat va axborot vaziri.
O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Afg‘onistonga ko‘rsatilayotgan yordam birodarlik xususiyatiga ega ekanini ta’kidlarkan, bunday munosabatning insonparvarlik mazmuniga to‘xtaldi.
Gumanitar yukning Afg‘oniston xalqiga yetkazilishi “afg‘on xalqi uchun eng og‘ir damda ham afg‘on zaminida doimo tinchlik va farovonlik hukm surishi haqida o‘ylaydigan” O‘zbekiston Prezidentining shaxsiy tashabbusi ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-7731]
Oqil G‘ulomov (surat),O‘zA