Insonparvarlik g‘oyalarining mustahkam asosi
Xabaringiz bor, davlatimiz rahbari parlamentga murojaatida yangi O‘zbekistonni xalqimiz bilan birgalikda barpo etamiz, degan ulug‘vor maqsadni o‘z oldimizga qo‘yganimiz, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” degan yangi g‘oya kundalik faoliyatimizga tobora chuqur kirib borayotgani haqida alohida ta’kidlab o‘tgan edi.
2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham qonun ijodkorligi jarayonlarida fuqarolarning ishtirokini ta’minlash orqali jamoatchilikning davlat boshqaruvidagi tashabbuskorligini oshirish alohida qayd etilgan.
Konstitutsion o‘zgarishlarda ham keng jamoatchilikning, kerak bo‘lsa, har bir fuqaroning fikri inobatga olinayotgani, bundan ruhlangan yurtdoshlarimiz, butun jamiyatimiz mazkur jarayonda faol ishtirok etayotgani, ming-minglab takliflar berilayotgani “Inson – jamiyat – davlat” tamoyili hayotda o‘z tasdig‘ini topayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.
Yana bir e’tiborli jihati, Bosh qomusimizga avval kiritilgan aksar o‘zgarishlar davlat boshqaruvi bilan bog‘liq bo‘lgan bo‘lsa, hozir taklif etilayotgan normalar asosan inson huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Masalan, Konstitutsiyaning 42-moddasini har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi, deya boyitish taklif qilinmoqda. Ya’ni bu o‘rinda badiiy ijod erkinligi tushunchasi kiritilmoqda.
Bilamizki, badiiy ijod adabiyot, musiqa, teatr, rassomlik, haykaltaroshlik, grafika, dizayn, arxitektura, shaharsozlik, fotografiya va boshqa ko‘plab ijodiy ishlarni qamrab oladi.
Mazkur qo‘shimcha Konstitutsiyada belgilangan axborot, fikrlash va so‘z erkinligini to‘ldiradi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga asoslanadi. Xususan, 1966 yilgi Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktga muvofiq ishtirokchi davlatlar ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyat uchun so‘zsiz zarur bo‘lgan erkinlikni hurmat qilish majburiyatini oladi. MDH mamlakatlari konstitutsiyalarida ham bunday norma belgilangan.
Yana shu 42-moddaga “Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, bolalar hamda yoshlarni ma’naviy va axloqiy tarbiyalash uchun zarur sharoitlar yaratadi” degan yangi norma kiritilmoqda.
Mazkur qo‘shimcha bilan davlat tomonidan jismoniy tarbiyani rivojlantirish, shuningdek yoshlar tarbiyasi uchun sharoit yaratish zarurligi aniq ko‘rsatib o‘tilmoqda. Mazkur norma davlat hokimiyati va boshqaruv organlariga tegishli majburiyatlarni yuklash barobarida, ushbu masala doimo davlatning ustuvor yo‘nalishi ekanligini ko‘rsatib turadi. Zero bunday islohotlar va sa’y-harakatlarga yangi O‘zbekistondagi islohotlarning ilk kunidan yuksak e’tibor qaratilgan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbusining ikkinchisi ham aynan yoshlarni sportga jalb qilishdan iboratdir.
Qolaversa, Taraqqiyot strategiyamizning 67-maqsadi sifatida jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan aholi sonini 2026 yilda 33 foizga yetkazish, mamlakatimiz yoshlari o‘rtasida milliy sport turlarini keng ommalashtirish, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini rivojlantirish, chekka hududlarda, qishloqlarda sog‘lomlashtirish ishlarini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, yurtimizda barpo etiladigan har bir “Yashil hudud”da yugurish, velosipedda harakatlanish uchun “Salomatlik yo‘laklari” hamda badminton, stritbol va vorkaut maydonchalarini tashkil etish vazifalari belgilangan. Bugunga qadar mamlakatimizda minglab kilometrlik salomatlik yo‘laklari, har bir mahallada vorkautlar, bolalar sport maydonchalari qad rostladi. Bu jarayonlar jadal davom etmoqda.
Konstitutsiyamizning faqat o‘zigagina xos bo‘lgan moddalaridan biri – 64-moddaga taklif qilinayotgan ayrim o‘zgarishlar ham e’tiborga molik. Xususan, 64-moddaning ikkinchi qismida davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash, sog‘lom, barkamol rivojlanishini va o‘qitishni ta’minlaydi, ushbu yo‘nalishdagi xayriya faoliyatlarini rag‘batlantirishi qayd qilinmoqda.
Ya’ni bu o‘rinda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni sog‘lom, barkamol rivojlanishini ta’minlashni davlat o‘z zimmasiga olyapti.
Bu borada gap ketganda alohida ta’kidlash o‘rinliki, o‘tgan 2021 yil 9 avgust kuni yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar manfaatlarini himoya qilish maqsadida davlatimiz rahbarining bitta farmoni va uchta qarori e’lon qilindi. Mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash asnosida “Mehribonlik uylari”dagi 1,5 mingga yaqin o‘g‘il-qizlar oilalarga olindi, 120 dan ortiq oilaviy uy tashkil qilinib, 700 dan ortiq farzandlar ota-ona bag‘rida voyaga yetishi uchun sharoit yaratildi.
Buning hisobiga, 10 ta “Mehribonlik uyi”, 4 ta “Bolalar shaharchasi” va 2 ta “Bolalar uylari” yopildi. “Mehr daftari” tizimi joriy qilinib, shu nomdagi maxsus jamg‘arma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni kunlarda Oilaviy bolalar uylari faoliyatini takomillashtirish yuzasidan Senat, Milliy gvardiya hamda Vazirlar Mahkamasi bilan hamkorlikda Hukumat qarori loyihasi tayyorlanmoqda.
O‘tgan 2021 yilda 757 nafar yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola uy-joy bilan ta’minlandi, 2022 yil yakuniga qadar yana 350 ta uy ajratilishi belgilangan. Yangi O‘zbekistonda bu borada amalga oshirilayotgan islohotlar endilikda Konstitutsiya bilan mustahkamlanishi taklif qilinmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, Bosh qomusimizga taklif etilayotgan barcha o‘zgarishlar zamirida inson manfaatlarini himoyalash masalasi ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Baxtiyor Sayfullayev,
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport
masalalari qo‘mitasi raisi
O‘zA