Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!
1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mustaqilligimizning dastlabki yillaridan boshlab davlat va jamiyat taraqqiyotining mustahkam huquqiy asosi bo‘lib kelmoqda.
Ayniqsa, so‘nggi yetti yilda mamlakatimiz taraqqiyotining yangi, yuksak bosqichiga ko‘tarildi. Davlatimiz rahbarining qat’iy irodasi bilan jamiyat hayotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xalq manfaati, inson huquqi ustuvorligi tamoyiliga asoslangan ushbu islohotlar mamlakatimizning Asosiy qonunini ham isloh etish zaruratini yuzaga chiqardi. Natijada 2023 yil 30 aprelda referendum asosida yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Bosh qomusimizga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar, eng avvalo, insonning huquqi va qonuniy manfaatini ta’minlashga qaratilgani bilan e’tiborga molik. Bu, o‘z navbatida, respublikamizning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida jahon hamjamiyatidagi nufuzini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Konstitutsiya muqaddimasida O‘zbekiston xalqining inson huquqi va erkinligiga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga, davlat suvereniteti prinsiplariga sodiqligi belgilangan. Inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlat, ochiq, adolatli jamiyat barpo etish borasida hozirgi va kelajak avlod oldidagi mas’uliyat ta’kidlangan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “inson – jamiyat – davlat” tamoyili ustuvor bo‘lib, inson huquqiga oid konstitutsiyaviy normalar miqdori 3 barobar ortganini e’tirof etish kerak. Insonning huquqi va erkinligiga oid me’yorlar davlat idoralari va nodavlat tashkilotlar faoliyatida inson huquqi ustuvorligini kafolatlaydi.
Inson bilan davlat idoralari o‘rtasidagi munosabatda yuzaga keladigan har qanday ziddiyat, noaniqlik inson foydasiga talqin etiladi. Shu bilan birga, aniq belgilangan inson huquqi va erkinligini cheklash asosi ham faqat qonunga muvofiq va zarur doirada amalga oshiriladi.
Davlatning inson huquqini ta’minlashdagi majburiyati ham kengaytirilgan. Xususan, 54-moddada insonning huquqi va erkinligini ta’minlash davlatning oliy maqsadi sifatida belgilangan, 56-moddada davlat inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini tashkil etish uchun sharoit yaratishi ko‘rsatilgan.
Asosiy qonunimizning 55-moddasida shaxsning o‘z huquqi va manfaatini himoya qilish huquqi xalqaro-huquqiy hujjatlarga muvofiq holda kengaytirilgan. Jumladan, fuqarolar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lganlaridan so‘ng inson huquqi va erkinligini himoya qiluvchi xalqaro organga murojaat qilishi mumkin.
Konstitutsiyaning yangi normalaridan biri – 57-moddada mehnatga layoqatsiz va yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalari huquqi davlat himoyasida ekani, davlat ularning turmush sifatini oshirish, jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun shart-sharoit yaratishga qaratilgan choralar ko‘rishi qayd etilgan.
Xulosa shuki, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalqimizning farovon turmushi, yurtimiz tinchligi va obodligi, davlatimizning insonparvar va xalqchil siyosati kafolatlangan. Bosh qomusimizda belgilangan inson huquqlariga oid normalar Yangi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Farhod HAYITBOEV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo‘limi boshlig‘i,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent