Insonda kuch va iroda bo‘lishi lozim
Buxoro tumani Qo‘shxodim mahallasida yashovchi Husan Boboyev baxtsiz hodisa sabab oyog‘idan ayrilgan. Besh nafar farzandning tarbiyasi va ta’minoti ularning voyaga yetkazish tashvishi Husan akaga kuch iroda berdi.
Husan akaga yaqinda tuman “Inson” markazi tomonidan yangi vaucher tizimi asosida zamonaviy protez berildi. 44 yoshli Husan aka hozirda protezdan foydalangan holda, fermer xo‘jaligida mexanizator bo‘lib ishlash bilan bir qatorda, o‘z tomorqa yerida ham sabzavotlar ekib, daromad olmoqda. Farzandlari esa otasining halol mehnatiga yarasha oliy ta’lim muassasalarida a’lo baholarda o‘qimoqda.

– Davlatimizga rahmat, meni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi, – deydi Husan Boboyev. – Yaxshi insonlar tomonidan sog‘ligim, oilam har doim e’tiborda. Farzandlarimni shu yurtga kerakli inson qilib tarbiyalashda barcha imkoniyatlarni ishga solmoqdaman. Buning uchun o‘zimda kuch va iroda topa olaman.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.