“Inson” volontyorlari – ijtimoiy himoya tizimining yangi tayanchi
Bo‘stonliq tumanida “Inson” volontyorlari uchun o‘quv jarayonlari tashkil etildi. Ular nogironligi bo‘lgan shaxslar, keksalar hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj insonlarga yordam ko‘rsatadi.
Bugungi kunda bu tashabbus shunchaki loyiha emas, balki tizimli ishning bir qismiga aylandi: pilot bosqichda loyiha respublikaning 28 ta hududida (tumanida) sinovdan o‘tkazildi. Uning doirasida 440 nafar volontyor tomonidan aholiga jami 2000 soatdan ortiq yordam ko‘rsatildi, bu esa ijtimoiy volontyorlikni rivojlantirishning dolzarbligi va samaradorligini tasdiqladi.

O‘quv jarayonlari 250 nafar volontyorni qamrab olib, amaliy yordam ko‘rsatish, aholi bilan ishlash va yetakchilik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.

– Ishonchim komil, aynan shunday insonlar orqali jamiyatda yangi g‘amxo‘rlik madaniyati shakllanmoqda. Shu bois biz volontyorlar hamjamiyatini ijtimoiy himoya tizimining muhim qismi sifatida rivojlantirmoqdamiz, — deya ta’kidladi Shahnoza Mirziyoyeva, Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari.

“Inson” volontyorlari islohotlar va aholi hayoti o‘rtasida bog‘lovchi ko‘prikka aylanmoqda. Bu ijtimoiy himoya tizimini har bir inson uchun yanada yaqinroq qilish yo‘lidagi bir muhim qadamdir.
N. Rahmonova, O‘zA