Inson resurslarini rivojlantirishda hamkorlik
Samarqandda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idoralari rahbarlarining II yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda mazkur tashkilotga a’zo davlatlar – O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘izistonning inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idoralari, yurtimizdagi vazirlik, idoralar, hokimliklarning kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari rahbarlari, xorijiy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo va kuzatuvchi davlatlarning inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul idora va tashkilotlari rahbarlarining I yig‘ilishi 2022 yil iyul oyida Turkiya Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi tomonidan Istanbul shahrida o‘tkazilgan edi. Mazkur yig‘ilishda Tashkilot doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada kengaytirish, bu kabi uchrashuvlarni har yili a’zo mamlakatlarning birida o‘tkazishga kelishib olingandi. Ikkinchi uchrashuv joyi sifatida esa 2023 yilda Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qiladigan O‘zbekiston tanlangandi.
Ikkinchi yig‘ilish avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Otabek Hasanov va Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Sadi Jafarov so‘zga chiqib, mazkur tadbirning ahamiyatiga to‘xtaldi.
– Mustahkam tarixiy rishtalar, o‘xshash til, mushtarak madaniyat va ma’naviy qadriyatlar asosida shakllangan Turkiy davlatlar tashkiloti mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmiga aylandi, – dedi Otabek Hasanov. – Bugungi kunda tashkilotga a’zo davlatlarni do‘stlik va o‘zaro ishonchdan tashqari o‘zaro manfaatli shekriklik ham bog‘lab turibdi. Dolzarb va global muammolarga yechim topishda o‘zaro yaqin qarash va yondashuvlarga amal qilib kelinmoqda. Xususan, kadrlar siyosati, inson resurslarini boshqarish va ularni rivojlantirish borasidagi hamkorlik tashkilotning ulkan salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim yo‘nalish hisoblanadi.
Olimlarning tahliliga ko‘ra, keyingi besh yilda salohiyatli va professional kadrlarga talab davlat xizmatida ham, xususiy sektorda ham oshadi. Bunday sharoitda har bir davlat bu sohada o‘z siyosatini yangilab boradi. Chunki, yangi, raqamlashgan avlod bozorga kirib kelyapti. Ularning qarashlari va shartlari ham boshqacha. Biz bu zamonaviy kadrlarga salohiyatini namoyon qilishi, davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratib berishimiz lozim. Shu nuqtai nazardan, bugungi yig‘ilishimiz davlat xizmatini rivojlantirishda salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirish, iste’dodli shaxslarni davlat xizmatiga jalb qilishning zamonaviy va samarali mexanizmlarini joriy etish masalalarini muhokama qilish va o‘zaro hamkorlik uchun qulay maydon yaratishga qaratilgandir.
O.Hasanov, shuningdek, o‘z so‘zida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida davlat fuqarolik xizmati tizimini ilg‘or xorij tajribasi asosida isloh qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani, o‘tgan yil avgust oyida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani hamda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining faoliyati haqida ma’lumot berdi.
– Tashkilotga a’zo davlatlar qadrlar siyosatiga mas’ullar o‘tgan yili Istanbulda yig‘ilib, inson resurslarini rivojlantirishda o‘zaro tajriba almashib, hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishgan edi, – deydi Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari Sadi Jafarov. – O‘tgan yilgi yig‘ilish qarorlari va erishilgan natijalar asosida bu gal Samarqandda uchrashib, dolzarb masalalarni muhokama qilyapmiz. Bu jarayonda O‘zbekiston tajribasi o‘rganilmoqda. Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilganiga hali ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa-da, inson resurslaridan samarali foydalanish va ularni boshqarishda yuqori natijalarga erishilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev belgilab bergan “Davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak!” degan tamoyil davlat xizmatchilari oldiga qo‘yiladigan asosiy talablardan biri hisoblanadi. Va bu o‘zini oqlayapti, deb aytishga asoslar bor.
Yig‘ilish va uning doirasidagi sessiyalarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlarning inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish bo‘yicha rahbarlari o‘z tajribalari yuzasidan taqdimotlar qildi. Kadrlar siyosati va davlat xizmatidagi zamonaviy trendlar, yangi g‘oyalar va yondashuvlar muhokama qilindi. Rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish va u bilan samarali ishlash, iste’dodli shaxslar, xususan, yoshlarni davlat xizmatiga keng jalb qilish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi. “Zamonaviy davlat boshqaruvi sharoitida rahbar kadrlarning salohiyatini oshirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati tashkil etilib, davlat xizmati sohasida olib borilayotgan xalqaro va mintaqaviy tadqiqotlarning natijalari tahlil qilindi.
– Bunday uchrashuvlar kadrlar siyosatini olib boruvchi tuzilmalarning o‘zaro tajriba almashishi uchun katta imkoniyat bo‘lmoqda, – deydi Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat xizmati va mahalliy hokimiyat ishlari bo‘yicha agentlik direktori Kudaybergan Bazarbayev. – Xususan, bizda O‘zbekistondagi mahalla boshqaruv tizimi katta qiziqish uyg‘otgan. Boshqaruvning mazkur bo‘g‘inida odamlarning turmushi bilan bog‘liq barcha masalalar mahallaning o‘zida hal etiladi. Bu organda faoliyat olib boradigan “beshlik” endilikda “yettilik”ka aylantirilayotgani, ijtimoiy xodim va soliqchi ham shu yerda faoliyat olib borishi mahallaning vakolatlarini kuchaytiradi.
[gallery-14171]
Yig‘ilish doirasida ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar ham tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi rahbariyati Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat xizmati va mahalliy hokimiyat ishlari bo‘yicha agentligi direktori Kudaybergen Bazarbayev, Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Inson resurslari ofisi rahbari Salim Atay, Qozog‘iston Respublikasi Davlat xizmati ishlari bo‘yicha agentligi raisining o‘rinbosari Azamat Jolmanov bilan muzokaralar olib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Ozarbayjon Respublikasi Davlat imtihon markazi hamda Davlat xizmati sohasidagi Ostona mintaqaviy xabi bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzoladi.
G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari