Insonga uzatilgan har qanday yordam bu hayotga nur, kelajakka ishonch baxsh etuvchi qudratdir. Olmaliq shahridagi “Terakli” mahalla fuqarolar yig‘inidagi kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Munisa Abdullayeva ana shunday ezgu maqsad yo‘lida fidoiylik bilan xizmat qilayotgan insonlardan biri.
Tog‘li joyda bo‘lgan ushbu hududda jami 160 ta xonadon bo‘lib unda 1 ming 68 nafar aholi yashaydi. Ijtimoiy xodim o‘z faoliyati doirasida har bir xonadonga kirib bormoqda. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan fuqarolar, kam ta’minlanganlar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga doimiy e’tibor qaratilgan.

Masalan, ular orasida 2-guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar ro‘yxatida turuvchi Abduvahob Minniboyev protez-ortopediya vositalari bilan ta’minlandi. “Saxovat va Ko‘mak” jamg‘armasi orqali unga kiyim-kechak va moddiy yordam ham ko‘rsatilgan. Bugungi kunda mahallada 7 ta oila Ijtimoiy reyestrga, 2 ta oila esa “Kambag‘allik reyestriga” kiritilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ayni paytda Olmaliq shahrining 52 ta mahallasida 51 nafar ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim faoliyat yuritmoqda. Joriy yil boshidan buyon hudud bo‘yicha 3 ming 926 nafar fuqaro murojaati qabul qilinib, ularning 80 foizdan ortig‘i ijobiy hal etildi.

– Davlatimiz tomonidan yordam olgan insonlarning ko‘zidagi minnatdorlik, bolalarning yuzidagi tabassum meni yanada fidokorlik bilan ishlashga undaydi. Fuqaroning hayotini yaxshilashga qaratilgan harakatlar o‘zining ijobiy natijalarini berayotgani esa menga yanada zavq beradi. Shu jamiyatda yashab, sendan ko‘mak olgan kishining quvonchli kuniga hissa qo‘shish chinakam baxtdir, – deydi Munisa Abdullayeva.
A.Musayev, O‘zA