Inson qadrini ulug‘layotgan ezgu tashabbus
Inson manfaatini ta’minlash, aholi dardini eshitish va har bir murojaatga amaliy yechim topish Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu borada Buxoro viloyatida O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasidagi “Bir oila – bir homiy” loyihasi aholining hayot sifati va turmush farovonligini oshirishga xizmat qilayotgan muhim tashabbus sifatida alohida ahamiyat kasb etmoqda. Loyiha orqali har bir xonadonning dardi eshitilib, ehtiyojmand oilalarga manzilli ko‘mak ko‘rsatilmoqda, muammolar esa deputatlik nazorati asosida bosqichma-bosqich hal etilmoqda.
Shu munosabat bilan O‘zLiDeP Kogon tuman Kengashi apparat rahbari M. Hoshimov, tuman Kengashi deputatlari M. Sharipova va U. Qurbonov boshchiligida tumanning chekka hududlarida xonadonbay o‘rganishlar tashkil etildi. Tashriflar davomida aholi bilan samimiy muloqotlar o‘tkazilib, fuqarolarning muammo va takliflari tinglandi, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi.
Ayniqsa, Choloki mahallasi Qalqon qishlog‘ida yashovchi, bolalikdan I guruh nogironi bo‘lgan Nargiza Jabborovaning murojaati e’tibor markazida bo‘ldi. Uning sog‘lig‘ini saqlash uchun doimiy qabul qilishi zarur bo‘lgan Karbamazepin dori vositasi bilan ta’minlash masalasini hal etish maqsadida tuman tibbiyot birlashmasiga deputatlik so‘rovi yuborildi. Bu esa murojaatlarni rasmiyatchilik emas, balki amaliy yechim asosida hal etishga qaratilgan yondashuvning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi.

Shuningdek, bir qator ehtiyojmand oilalarga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari topshirilib, ularning og‘irini yengil qilishga munosib hissa qo‘shildi. Bunday ezgu amallar insonparvarlik, mehr-oqibat va ijtimoiy hamjihatlik tamoyillarining hayotdagi amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Tashriflar chog‘ida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan fuqarolarga imtiyozli kreditlar, davlat tomonidan berilayotgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda biznes yuritish imkoniyatlari bo‘yicha atroflicha tushuntirishlar berildi. Bu esa aholining bandligini ta’minlash, daromad manbalarini ko‘paytirish va oilalarning iqtisodiy barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘rganishlar davomida partiya faollari va deputatlar 26 ga yaqin xonadonda bo‘lib, har bir murojaatni alohida o‘rgandilar. Joyida hal etilishi mumkin bo‘lgan masalalar shu yerning o‘zida ijobiy yechimini topdi, qo‘shimcha vaqt talab etadigan murojaatlar esa deputatlik nazoratiga olinib, ularning ijrosi bo‘yicha aniq choralar belgilandi.
“Bir oila – bir homiy” loyihasi nafaqat ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash, balki xalq bilan ochiq muloqot qilish, har bir insonning dardiga quloq tutish va muammolarga amaliy yechim topishning samarali mexanizmiga aylanmoqda. Eng muhimi, bunday tashabbuslar orqali “Inson qadri – eng oliy qadriyat” degan ezgu tamoyil hayotda o‘zining haqiqiy ifodasini topib, odamlarning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va umidini yanada mustahkamlamoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri