O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar va Yakkasaroy tuman kengashlari tashabbusi bilan «Ijtimoiy birdamlik – mehr va g‘amxo‘rlik mezoni» shiori ostida amaliy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida davolanayotgan bolalar va ularning oilalari, shuningdek, Yakkasaroy tumanidagi «Bog‘saroy» mahallasi hamda Mirobod tumanidagi «Istiqlolobod» mahallasining ehtiyojmand oilalari uchun bayramona dasturxon yozildi. Ularga mehr va e’tibor ko‘rsatilib, bolalar uchun esdalik sovg‘alari ulashildi.

Tadbirda 80 ta kam ta’minlangan oila va ularning farzandlari ishtirok etdi. Shuningdek, 10 nafar bolaning xatna to‘yi xayriya asosida tashkil etildi.
Tadbirda senator va deputatlar, partiya faollari ishtirokchilarni tabriklab, yurtimizda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kam ta’minlangan oilalarga ko‘mak berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtaldilar.

Ushbu tadbirdan maqsad ham jamiyatda insonparvarlik, hamjihatlik va birdamlikni mustahkamlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat ekani aytib o‘tildi.
M.Komilova, O‘zA