Inson qadri va el-yurt baxti tarannum etilmoqda
Surxondaryo viloyatida 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni oldidan turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uchrashuv va sport bellashuvlari tashkil etilmoqda.
Inson qadri va el-yurt baxti yo‘lida samarali faoliyat yuritayotgan tashkilot yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, aholi turmush darajasini oshirish, mehnatkashlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda ularning salomatligini tiklash, madaniyat va sportni rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirmoqda. Xotin-qizlarning muammolarini “mahallabay” o‘rganib chiqib, “Ayollar daftari”ni shakllantirish va amaliy yordam ko‘rsatishda faol qatnashmoqda. Bunday ezgu amallar keyingi yillarda kasaba uyushmalari xalqimizning tom ma’nodagi ishonchini qozongan tashkilotga aylanayotganini keng namoyon etmoqda.

Termiz shahar ichki ishlar boshqarmasi shaxsiy tarkibi o‘rtasida “Yangi O‘zbekistonning yangi kasaba uyushmalari o‘n kunligi” shiori ostida sportning shaxmat turi bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqa ham mamlakatimizda keng nishonlanayotgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuniga bag‘ishlandi.
Intellektual o‘yinlar ichida eng mukammal bellashuv sanaladigan shaxmat musobaqasida osoyishtaligimiz posbonlari o‘zlarining aql-zakovatini keng namoyish etdi.

Qiziqarli bahs-munozaralarga boy bo‘lgan bellashuv yakunida Termiz shahar ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati probatsiya guruhi inspektori, mayor Dilafro‘z Allanazarova faxrli birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin boshqarmaning ikkinchi ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektori, leytenant Hasan Saidovga nasib etdi. Birinchi ichki ishlar bo‘limi huquqbuzarliklar profilaktikasi guruhi profilaktika inspektori, leytenant Muslimbek Qamariddinov uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Viloyatda sana munosabati bilan tashkil etilayotgan tadbirlar davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri