Inson qadri ulug‘langan asosiy hujjat
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab Bosh qomusimizning inson hayotidagi o‘rni hamda ahamiyatiga bag‘ishlangan, aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan avlodning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, intellektual, ijodiy tanlovlar o‘tkazilmoqda.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida “Konstitutsiya – milliy g‘ururimiz!” mavzuidagi davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurori Shuxrat Uzoqov, O‘zbekiston “Veteran” jangchi-faxriylar va nogironlar birlashmasi raisi Tal’at Murodov, akademiya huzuridagi Fuqaro muhofazasi instituti faxriylari, professor-o‘qituvchilar, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Bayram tadbirida dastlab, O‘zbekiston Respublikalari Davlat madhiyasi yangradi.
Akademiya boshlig‘i Qobul Berdiyev Asosiy qonunimiz o‘zining tamoyillari va qoidalari bilan mamlakatimiz taqdiri, har bir insonning huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjat ekanligini ta’kidlab, ishtirokchilarni bayram bilan tabrikladi.

Shuningdek, tadbirda Konstitutsiyamizning yaralish tarixi va hayotimizdagi tutgan o‘rni haqida maruzalar tinglandi. Bosh qomusimiz haqida yoshlarga keng tushunchalar berib o‘tildi.
– Yoshlarimiz bugun barcha jabhada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar hamda yangilanishlar zamirida, eng avvalo, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, jamiyatda qonun va qonuniylik ustuvorligini kafolatlash, xalqimizning tinch, farovon, rozilik hamda minnatdorlik hissi bilan yashashini ta’minlashdek ulug‘ maqsadlar mujassamligini chuqur anglab yetmoqda, – deydi akademiya katta o‘qituvchisi Rashid Absalomov. – Konstitutsiyamiz muhrlab qo‘ygan tamoyillarni amalga oshirish yo‘lida davlat qurilishi, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalardagi amalga oshirilayotgan olamshumul ishlar va demokratik yangilanishlar, aholi turmush darajasi va sifatining oshib borishi natijasida yurtimizning jahon mamlakatlari ichida mavqei yanada yuksalib borayotganini ko‘rish barchamizga katta g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi.

Tadbir davomida akademiyaning kursantlaridan iborat turli jamoalar o‘rtasidagi “Breyn-ring” huquqiy savodxonlik bellashuvi tashkillashtirildi. “Tezkor savol-javob”, “Kazus” hamda “Sardorlar musobaqasi” shartlari bo‘yicha o‘tkazilgan huquqiy savodxonlik bellashuvi belgilangan mezonlar asosida hakamalar hay’ati tomonidan baholab borildi.
Bellashuvning yakuniy natijasiga ko‘ra, beshinchi bosqich kursantlaridan tarkib topgan “Huquqshunoslar” jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Tadbir yakunida g‘olib jamoalar tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA