Inson qadri – ulug‘, xotirasi – muqaddas
Inson xotiralar bilan yashaydi. Kechagi kunning mashaqqatlarini eslab, og‘ir damlarni bugungi farahbaxsh hayot bilan muqoyasa qilsak, ezgulik, yaxshilikni ulug‘lab yashashga ko‘proq intilamiz. 9 may — Xotira va qadrlash kuni mamlakatimizda umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi zamirida ham ezgulik falsafasi mujassam. Muhimi, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz ongu shuurida o‘tganlarni yod etish, tiriklarni qadrlashdek insoniy fazilatlar tobora mustahkam qaror topmoqda.
Shu kunlarda nafaqat urush va urush ortida mehnat qilgan, balki yurtimiz rivojida o‘zining munosib hissasini qo‘shgan insonlarni eslab, xotirlamoqdamiz. Ana shunday yurtdoshlarimizdan biri Turg‘un Obidov. T.Obidov hayotining aksariyat qismini gidromelioratsiya holatini yaxshilash masalalariga bag‘ishladi. Uning sa’y-harakatlari bilan o‘z davrida Amu-Buxoro suv uzatgich kanali qurilishi tufayli Amudaryo suvi bilan sug‘oriladigan yer maydoni 73 ming gektarga yetdi. Zero, mazkur kanalning qurilishi, azaldan suv tanqisligini boshidan kechirib kelayotgan O‘zbekistondagi eng yirik paxtachilik hududlaridan biri bo‘lmish Zarafshon vodiysini suv bilan ta’minlashga xizmat qildi.
Shuningdek, Buxoro, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarining yerlarini suv bilan ta’minlashni 370 ming gektarga ko‘tarish va 15 ming gektardan ortiqroq yangi yerlarni o‘zlashtirishga erishildi. Yillar davomida tizimda mehnat qilgan Turg‘un Obidov Buxoro viloyatida Parsanko‘l, Maxanko‘l, Ayak-agitma va boshqa magistral zovurlarning qurilishi va qayta ta’mirlash loyihalarini tayyorlashda faol ishtirok etdi.
1984-1997 yillarda esa “O‘zdavsuvloyiha” institutiga rahbarlik qildi. Bu davrda institutda 200 ming gektardan ko‘proq maydonda sug‘orish tarmoqlari, 8 ming kilometr magistral va xo‘jaliklararo kanallar, 3 ta katta, 20 ta o‘rtacha va kichik suv omborining loyiha hujjatlari ishlab chiqildi. Uning institut faoliyatidagi boy tajribasidan nafaqat O‘zbekistonda, balki chet davlatlarda ham unumli foydalanilgan. Xususan, Afg‘oniston, Gvineya, Efiopiya, Suriya va qator davlatlarda sug‘oriladigan yerlarni kompleks rekonstruksiya qilish prinsiplari, suv xo‘jaligi ma’zularini yaxshilash bo‘yicha loyiha-hujjatlari arid iqlimli, ya’ni cho‘l hududli mintaqalar uchun o‘rnak sifatida tavsiya etilgan.
Mustaqillik yillarida Turg‘un Obidov jamoasi bilan birgalikda ilk bora melioratsiyani rivojlantirish va O‘zbekistonning yetakchi viloyatlarida yer maydonlarini sug‘orish sxemalari ishlab chiqildi. Mutaxassisni taqdir suv xo‘jaligi sohasining qaysi boshqaruv organi, lavozimga yo‘naltirmasin, har joyda nafaqat tajribali meliorator, balki suv resurslaridan oqilona foydalanish va muhofaza qilishning ilg‘or kurashchisi sifatida o‘zini namoyon eta oldi.
Shu tariqa, yurtimizning suv xo‘jaligi holatini yaxshilash, yangi yirik magistral sug‘orish tizimlarini loyihalash, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, yuz minglab yangi yerlarni o‘zlashtirish, yangi sug‘orish texnikalarini joriy qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasidagi yangilanishlar bu insonning nomi bilan bog‘liq bo‘lib qoldi.
Albatta, yurtimizda mehnat qilgan inson hamisha e’tirof va e’tiborga sazavor bo‘lgan. Turg‘un Obidovning mehnatlari turli mukofotlar bilan taqdirlandi. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan irrigator” unvoni, “Xalqlar do‘stligi” ordeni shular sirasidandir.
Turg‘un Obidov joriy yilning fevralida 85 yoshda olamdan o‘tdi. Inson – hayotning gultojisi. Uning qadri, hurmati har doim e’zozga loyiqdir. Xalqimizga xos xislatlar haqida gapirganda, albatta, qadr-qimmat, mehr-oqibat kabi fazilatlar tilga olinadi. Xotira shunday ruhiy-ma’naviy qudratki, u insonning insonligini anglatuvchi, uni o‘tmish va istiqbol bilan bog‘lab turuvchi buyuk qadriyat, ilohiy qudratdir. U olamdan o‘tgan ajdodlarni eslashgina emas, balki yillar davomida sadoqat bilan mehnat qilgan ustozlar xotirasini hurmatlash hamdir.
S.Shoyeva.