“Inson qadri uchun” tamoyili amalda
“Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida Jizzax viloyati prokurori, 2-sektor rahbari ishlashning “mahallabay” tizimi asosida tashkil etish maqsadida Paxtakor tumani “Olmazor” mahalla fuqarolar yig‘ini aholi va yoshlari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Aholini yillar davomida qiynab kelayotgan muammolariga quloq tutish, ularni imkon qadar joyida ijobiy hal etish orqali farovonligini, band bo‘lmagan aholini ish bilan ta’minlash, “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga amaliy yordam ko‘rsatish Prezidentimiz tomonidan har bir katta-kichik rahbar oldidagi eng muhim va dolzarb vazifa etib belgilab berilgan.
Viloyat prokurorining navbatdagi uchrashuvida tumandagi “Olmazor” MFYda istiqomat qiluvchi fuqarolarning 130 nafarga yaqini ishtirok etib, ular tomonidan 46 ta masala yuzasidan murojaatlar kelib tushdi.

Mazkur murojaatlarning 22 tasi qanoatlantirilib joyida o‘zining ijobiy yechimini topdi. Jumladan, murojaatchilarning 1 nafariga nogironlik aravachasi, 1 nafariga sog‘ligini tiklashi uchun viloyat kardiologiya markaziga order, 2 nafariga tikuv mashinkasi, 3 nafariga xizmat ko‘rsatish faoliyatini olib borishi uchun motoroller berildi.

Bundan tashqari, qabulda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan jami 10 nafar yigit-qizlarga 10 yil muddatga ijara huquqi asosida dexqon xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yer maydoni olishlari, oliy ta’lim muassasalarida kontrakt asosida o‘qiyotgan yoshlarning kontrakt to‘lovining 50 foizigacha bo‘lgan miqdorini to‘lab berish haqida sertifikatlar topshirildi.
“Olmazor” MFY aholisi tomonidan ko‘tarilgan 24 ta murojaatni o‘rganish va hal qilish vaqt hamda mablag‘ talab qilganligi sabab mutasaddi tashkilot rahbarlariga aniq vazifalar berilib, ijrosi viloyat prokurori rahbarligida mahallaga tayinlangan tuman hokimining yordamchi va yoshlar yetakchisi nazoratida ekanligi alohida ta’kidlandi.

“Inson qadri uchun” tamoyilining amaldagi ro‘yobi – shu kabi “mahallabay” uchrashuvlarining o‘tkazilishidan ko‘zlangan asosiy maqsad – aholi muammolariga yechim topish orqali, ularning farovonligini ta’minlash, bugungi kunidan rozi qilish, ertangi kuniga ishonchini yuksaltirish va eng avvalo “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” Davlat dasturida beligilab berilgan vazifalar ijrosini amalda ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

A.QAYUMOV, O‘zA