Inson qadri, el-yurt baxti uchun
Bugun mamlakatimizda 11 noyabr – O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni keng nishonlanmoqda.
Ushbu kun munosabati bilan "O‘zbekneftgaz" AJ tizimidagi zavod, boshqarma va korxonalarda "Inson qadri uchun, el-yurt baxti uchun!" shiori ostida bir qator madaniy-ma’rifiy tadbirlar, sport musobaqalari hamda sayohatlar tashkil etildi.

Ishchi-xodimlar o‘rtasida mini-futbol, shaxmat, shashka, stol tennisi, gimnastika kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar va "Zakovat" intellektual o‘yinlari o‘tkazildi. Mehnat faxriylari va kasaba uyushma qo‘mitasi faollari ishtirokida davra suhbatlari tashkil etilib, ular kasaba uyushma qo‘mitasining esdalik sovg‘alari va diplomlari bilan taqdirlandi. Bayram arafasida korxonalarda taniqli san’atkor va xonandalar ishtirokida konsert dasturlari namoyish etildi.

Kasaba uyushma qo‘mitasi faollari Xiva, Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlariga sayohatga olib borildi. Shuningdek, “O‘zbekneftgaz” AJ xotin-qizlar masalalari bo‘yicha jamoatchilik kengashi tomonidan ushbu sanaga bag‘ishlab ayollar o‘rtasida fleshmoblar o‘tkazildi.
Jamiyat axborot xizmati mutaxassisi Inobat Ernazarovaning ta’kidlashicha, tizimda o‘tkazilgan bu kabi tadbirlar, avvalo, ishchi-xodimlar o‘rtasidagi ahillik va hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

–Masalan, sport musobaqalari va intellektual o‘yinlar ishtirokchilarning jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini rivojlantiradi. Har bir ishchi o‘zini jamoaning bir qismidek his qilib, o‘z vazifasini yanada mas’uliyat bilan bajarishga harakat qiladi. O‘zbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan "O‘zbekneftgaz" AJ va uning tizimida tashkil etilgan bunday tadbirlar ishchilarni yagona maqsadga undaydi, – dedi I.Ernazarova.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA