Inson qadri baland tutilgan qomus
Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!
O‘zbekistonimizning Bosh qomusi qabul qilingan sana, ya’ni Konstitutsiya bayramiga sanoqli kunlar qoldi.
Huquq va erkinliklarimiz kafolati bo‘lgan Asosiy qonun bor ekan, biz ishonch bilan xotirjam yashaymiz. Undagi g‘oya va maqsadlarning to‘laqonli amalga oshishi esa har birimizga bog‘liq.
Eng avvalo, Konstitutsiyani o‘qib-o‘rganish, uni nafaqat hurmat, balki unga amal qilish kundalik a’molimizga aylanishi shart. Shundagina qomusning qadri va qiymati baland bo‘ladi.
Garchi, Konstitutsiya qabul qilinganining 31 yilligi nishonlansa ham bu yilgi bayram shukuhi o‘zgacha bo‘ladi. Chunki bu yil biz yangilangan, inson qadri baland tutilgan qomusimizni bayram qilamiz.
Davlatimiz rahbarining 2023 yil 16 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishi asosida bayramni munosib kutib olish bo‘yicha tashkiliy-amaliy hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni samarali tashkil etish chora-tadbirlari belgilandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturi tasdiqlandi.
“Konstitutsiya — xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etadigan bu yilgi bayram yurtdoshlarimizni Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida yanada jipslashtiradi.
Zero, 2023 yil 30 aprelda bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Dasturga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida, shuningdek, barcha shahar va tumanlar, qishloq va ovullarda nishonlanadi. Barcha hududlarda aholining keng qatlamlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy anjumanlar, ochiq muloqot va suhbatlar tashkil etiladi.
Badiiy kechalar, festivallar, sayillar, madaniyat va sport tadbirlarini samarali o‘tkazish maqsadida atoqli ilm-fan namoyandalari, madaniyat va san’at arboblari, keksa va yosh avlod vakillari, taniqli sportchilarni jalb etgan holda bayram tadbirlari tashkil etiladi.
Bayramni bugungi davr ruhiga hamohang tarzda nishonlash maqsadida yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida mahallalar, ta’lim va mehnat jamoalarida ma’rifiy uchrashuv va suhbatlar o‘tkaziladi.
“Konstitutsiya haftaligi”da umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida barcha o‘quvchi va talabalarni qamrab olgan holda Konstitutsiya darslari o‘tkaziladi.
Aholining huquqiy madaniyatini oshirish, qolaversa Bosh qomusimizning asosiy targ‘ibotchisi bo‘lgan Adliya vazirligi qanday ishlarni amalga oshiradi?
Adliya vazirligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, aholining konstitutsiyaviy bilimlarini oshirishga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirish maqsadida ikki bosqichli umummilliy Konstitutsiya imtihoni o‘tkaziladi.
Unda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘lib, hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, 170 mingdan ortiq fuqaro test uchun ro‘yxatdan o‘tgan. Imtihon uch toifa: yuristlar, o‘quvchi-yoshlar va qiziqish bildirgan aholi vakillari ishtirokida o‘tkaziladi. 1-bosqich test shaklida, 2-bosqich suhbat shaklida bo‘lib o‘tadi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Konstitutsiya huquqlarim poydevori” mavzusida “tuman-viloyat-respublika” bosqichlarida insholar ko‘rik-tanlovi tashkil qilinadi.
“Adliya huquqiy marshi” shiori ostida 5 dekabr kuni Shayxontohur tuman adliya bo‘limidan boshlanib, Sayilgoh ko‘chasida yakunlanadigan huquqiy aksiya o‘tkaziladi.
Huquqiy marsh davomida aholiga turli sayyor xizmatlar ko‘rsatish, bepul huquqiy yordam va maslahat berish hamda Sayilgoh ko‘chasida ko‘ngilochar va sovrinli tadbirlar tashkil qilish rejalashtirilgan.
Konstitutsiyaning barcha aholi qatlamiga yetib borishini ta’minlash maqsadida Konstitutsiya kitobi bilan bir qatorda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan brayl alifbosidagi Konstitutsiya ham chop etildi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya kuni bayramlar ichra eng ulug‘ bayramlardan biri bo‘lib, bu sanada nafaqat xursandchiliklar, balki qomusiy bilimlarni oshirish bo‘yicha zarur choralar belgilangani har bir yurtdoshimizning huquqlari kafolati oshishiga xizmat qiladi. Zotan, huquqning hujjatda himoyalanganigina emas, balki ularni bilib, anglab, bu yo‘lda qat’iy tura olish inson huquqlari himoyasi chinakamiga ta’minlanishiga zamin demakdir.
Norgul Abduraimova,
O‘zA