Mamlakatimizda mahkumlarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, tuzalish yo‘liga o‘tishini ta’minlash hamda ijtimoiy moslashuvini jadallashtirish orqali ularda qonunga itoatkorlik, jamiyatga, mehnatga, ijtimoiy qoidalar va an’analarga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish tuyg‘usini shakllantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, keyingi yillarda mahkumlarni oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlash darajasi oshirildi, ularni qiynoqqa solishning oldini olish mexanizmlari yaratildi. Mahkumlarning jazoni ijro etish koloniyalaridagi huquqlari kengaytirildi.
Endilikda ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilish tartibi joriy etilmoqda.
Mazkur tartibni o‘zida aks ettirgan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi parlament quyi palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama qilindi.
Prezidentimizning 2023 yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar bilan insonparvarlik tamoyili asosida munosabatda bo‘lish, ularning sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishini ta’minlashga oid normalar kiritilmoqda.
Ta’kidlandiki, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan ko‘zlangan maqsadlarga erishishga, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari yaratilishiga, insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA