Inson qadr-qimmati bilan aziz
Keyingi yillarda mamlakatimiz mahallalarining qiyofasi ham, ularning vazifa va missiyasi ham ilgari mutlaqo tasavvur etilmagan tarzda o‘zgarib ketdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Bu esa bundan besh-olti yillar avval yangilanish pallasiga qadam qo‘ygan O‘zbekistonimizda oddiy odamlarning dardu tashvishlari, muammolari, o‘y-xayollarini o‘rganish, chuqur taxlil etish, ularga tezkor va oqilona yechim topishdek umummilliy miqyos kasb etgan ibratli sa’y-harakatlar bilan uzviy bog‘liq ekani aniq.
Aslida mamlakatimiz yetakchisi tashabbusi va shaxsiy namunasi asosida ilgari surilgan bu g‘oya asosida vazirlik va idoralar, tashkilotlar rahbarlarining hashamatli binolardagi kabinetlarini yurtimizning olis-olis hududlariga, chekka qishloqlarga, mahallalarga, oddiy odamlar orasiga ko‘chirdi.
Hamyurtlarimizni esa ijtimoiy, ma’naviy, huquqiy, iqtisodiy jabhalarga oid minglab muammolar qiynab kelayotgani aniq bo‘ldi. Oddiy odamlar hayoti esa o‘zi tug‘ilib o‘sgan, bugungi kunda istiqomat etayotgan mahallalar bilan uzviy bog‘liqdir. O‘z-o‘zidan ayonki, mahallalarning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati, mavqei va mohiyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qonuniy asoslar yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2020 yil 19 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida“gi qaroriga asosan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.
Bu yana bir ma’muriy-tashkiliy tuzilma emas, balki mahallalarning jamiyat, xalq, umuman, ijtimoiy-ma’naviy hayotimizdagi ahamiyatini keskin darajada ortishiga xizmat qiluvchi amaliy va natijador hujjat bo‘ldi, desak yanglishmaymiz.
Mutasaddi tashkilot vakillari, mahalla faollari o‘zaro hamjihatlikda har bir oilaning, har bir insonning dardu tashvishlarini uyma-uy, xonadonma-xonadon, maxallama-maxalla yurib, batafsil o‘rganishga astoydil kirishmoqdalar. Ijtimoiy ahvoli haminqadar, hujjatlari mutlaqo chalkash, fuqarolik holatida noaniqliklar o‘ta chigal tus olgan, salomatligi, ishsizligi, ta’lim olishida tezkorlik bilan hal etish zarur bo‘lgan hamyurtlarimiz bir emas, yuz emas, anchagina ekani aniq bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari mamlakatimizning istalgan hududiga borgan chog‘i eng avvalo mahalla, maktab, oddiy xonadonlar, mushfiq ayol-qizlar, oddiy oilalar, nuroniylar ahvolidan birinchi galda xabar olishi, ularni juda sinchkovlik bilan o‘rganishi bejiz emas. Zero, jamiyatning asosiy qatlamiga oid eng dolzarb va kechiktirib bo‘lmas g‘oyalar, hayotiy tashabbuslar ayni shunday samimiy uchrashuvlardan ildiz olmoqda.
Mahalla mutasaddilarining vakolatini kengaytirish, fuqarolik yig‘inlaridagi tinchlik va osoyishtalik, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, odamlarni tayinli ish bilan band etish, jilla qurisa, ularni jamoatchilik asosidagi foydali mehnatga jalb etish, og‘ir ijtimoiy ahvoldagi ayol va qizlarga ko‘makchi bo‘lish, mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirishga oid amaliy tashabbuslar hayotga faol joriy etilmoqda. O‘z yurtida uysiz, darbadar yurgan, murakkab vaziyatlarda qolgan yurtdoshlarimizga, og‘ir ahvoldagi ayollarga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Kimdir o‘z tadbirkorlik ishini muvaffaqiyatli boshlab oldi, kimdir bemorni davolanishi bilan bog‘liq sansalorlik barham topganiga o‘zi ishonch hosil qildi. Birov ishli bo‘ldi, qaysidir oila jar yoqasidan qutqarib qolindi.
Yillar mutasaddilarning qadami yetmagan, boz ustiga mahalla ahli behafsalalik bilan qaragan barbod mahallalar endilikda tegishli ijtimoiy dasturlar asosida “Obod qishdoq“, “Obod mahalla“ga aylanmoqda.
“Ayollar“, “Yoshlar“ , “Temir“ daftarlari aholiga aniq, manzilli, insofli ko‘makning yaqqol namunasini ko‘rsatib turgan ulkan ijtimoiy axamiyatga molik loyihaga aylandi. Barcha dolzarb masalalar,odamlarni o‘ylantirayotgan muammolar tizimli, bosqichma-bosqich, puxta o‘rganilgan holda yechim topib bormoqda. Aslida kundalik turmushda muammo degani har kuni, har lahzada qaynab, toshib chiqaveradi. Hayotning o‘zi ularni galma-gal oldinga suraverar ekan, muammolarsiz yashamoqning iloji yo‘qligi kundek ravshanligi barchamizga ayon.
2022 yilning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili“ deb e’lon qilinishi ham bu kabi dolzarb masalalarga tezroq yechim topishdek ulug‘vor maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatlidir. Yil avvalidanoq, “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida“, “Mahallalarda yoshlar bilan ishlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida“gi qarorlar ijrosiga astoydil kirishildi.
Mamlakat yetakchisi mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Poytaxt mahallalari misolida O‘zbekistonnning barcha fuqarolik yig‘inlari faoliyatiga doir masalalar olib chiqdi. Jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. Mahallaning faol va fidoyilarini yanada faollika undovchi bu kabi tashabbuslarrning barchasi esa inson uchundir!
Nazokat Usmonova, O‘zA