Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda turli psixologik maslahat va ko‘mak berishni taklif etayotgan “psixologlar”ning chiqishlari ko‘payib bormoqda. Psixologik bilimga, tajribaga ega yoki ega emasligi ham noma’lum bo‘lgan bunday shaxslarning faoliyati ommalashib borayotgani jamiyatga, odamlarga qanchalik foyda keltirmoqda?
Bu kabi holatlarning ko‘payayotgani qonunchilikda psixologik xizmatlarni taqdim etayotgan shaxslar avvalambor, mazkur yo‘nalishda oliy ta’limga ega bo‘lishi hamda psixologik yordam ko‘rsatish huquqini beruvchi tegishli hujjatga ega bo‘lishiga oid talabni belgilashni taqozo etdi. Shu bois, Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida «Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, birinchi o‘qishda qabul qilingan edi. Ayni paytda mazkur qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga tayyorlanib, maromiga yetkazilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda psixologiya sohasida pedagog kadrlarni tayyorlash hamda amaliyotchi psixologlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda maktab va maktabgacha ta’lim tizimida pedagog-psixolog lavozimlari joriy etilgan. Ko‘plab oliy ta’lim muassasalarida “Psixologiya”, “Pedagogika va psixologiya” ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilib, ushbu sohadagi qabul kvotalari keskin oshirildi. Bu esa psixolog kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan aholiga psixologik yordam ko‘rsatishning asosiy prinsiplari, vazifalari, turlari, shakllari hamda standartlari belgilanmoqda. Shuningdek, psixologik yordam ko‘rsatish sohasi ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, bepul psixologik yordam ko‘rsatiladigan shaxslar toifalari aniqlashtirilmoqda.
Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi professional uyushmalar faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish, psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxs tomonidan psixologik yordam ko‘rsatganlik yoki psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik choralari ko‘zda tutilyapti. Xususan, psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha qonunlarda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha, mansabdorlarga esa 10 baravaridan 15 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish bilan bog‘liq ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan ko‘rib chiqilishi taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasining huquqiy asoslarini yaratish, fuqarolarning malakali psixologik yordam olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, xususiy tartibda psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanishda psixologlarning qonuniy faoliyat olib borishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuni ta’kidlash lozimki, inson ruhiyati bilan ishlash pul topish ilinjidagi yuzaki faoliyat bo‘lmasligi kerak. Inson psixologiyasi bilan ishlaydigan shaxs, albatta, bu yo‘nalishda yetarlicha bilim va malakaga ega bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
M.Komilova,
O‘zA