Maʼlumotlarga koʻra, bugun Oʻzbekistonda oʻn minglab bemorning organ va toʻqimalar transplantatsiyasiga ehtiyoji bor.

Maʼlumotlarga koʻra, bugun Oʻzbekistonda oʻn minglab bemorning organ va toʻqimalar transplantatsiyasiga ehtiyoji bor. Xususan, buyrak transplantatsiyasiga 3 minggacha, jigar transplantatsiyasiga 2 minggacha, yurak transplantatsiyasiga 700-1000 gacha, oʻpka transplantatsiyasiga 500 gacha bemor muhtoj.

Organlar transplantatsiyasi bu turdagi bemorlar hayotini saqlab qolishning yagona imkoniyatidir. Sir emas, ayrim bemorlar chet davlatlarga borib, 15 ming AQSH dollaridan 250 ming AQSH dollarigacha boʻlgan narxlarda ana shunday jarrohlik amaliyotini oʻtkazishga majbur boʻlmoqda. Tabiiyki, barcha bemor ham bunday katta mablagʻga ega emas.

Oʻzimizda nega imkon yoʻq?

Oʻzbekistonda 1972-yildan boshlab transplantologiya amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, Buyrak transplantatsiyasi markazida mazkur organni koʻchirib oʻtkazish boʻyicha 300 dan ortiq operatsiya muvaffaqiyatli amalga oshirilgan. 2003-yilda esa Sogʻliqni saqlash vazirligining qarori bilan faqat yaqin qarindoshlardan buyrak koʻchirib oʻtkazishga ruxsat berilgan. Ammo Adliya vazirligining tegishli tekshiruvlaridan soʻng bu boradagi meʼyorlar talablari huquqiy ekspertizadan oʻtkazilib, rad etilgan.

Pul ham topilar, ammo vaqt yoʻqotiladi

Yurtimizda inson organlari transplantatsiyasi haqida qonunchilik asoslari mavjud emas. Shu tufayli transplantologiya klinik fan sifatida toʻxtatilgan. Ayni paytda Vazirlar Mahkamasining 2017-yildagi “Yaqin qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar boʻlagini transplantatsiya qilish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan faqat buyrak va jigar transplantatsiyasiga ruxsat etilgan. Unga muvofiq, transplantatsiya faqat davlat tibbiyot tashkilotlari – akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent shahar nefrologiya shifoxonasida oʻtkaziladi. Hozirgi vaqtga qadar 250 dan ortiq bemorda buyrak, 4 bemorda esa jigar koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi amalga oshirildi. Lekin bu kam. Chunki transplantatsiyaga ehtiyojmandlar soni ortib borayapti. Afsuski, buyrak yetishmovchiligi bilan ogʻrigan bemorlarning aksariyati 30 yoshgacha boʻlgan davrda hayotdan koʻz yummoqda. Masalaning yana bir ogʻriqli tomoni bor: gemodializ xizmatining narxi ham ozmuncha pul emas. Aniqroq aytadigan boʻlsak, hozirda bir gemodializ seansining narxi 600 ming soʻm. Bemor ushbu xizmatdan har haftada 3 marotaba foydalanishi kerak...

Oʻrganishlarga koʻra, hozir yurtimizda transplantatsiya amaliyotining narxi 32 million soʻmni tashkil etadi. Buyrak transplantatsiyasi bajarilgandan soʻng bir yil davomida bemorga immunosupressiv dorilar uchun davlat tomonidan 30 million soʻmgacha pul ajratiladi.

Oʻzbekistonda transplantatsiyaga oid meʼyoriy huquqiy hujjatlar mavjud emasligi ushbu yoʻnalishda jahonning ilgʻor tajriba va yutuqlaridan ortda qolishga sabab boʻlayapti. Ayniqsa, bemor yurtdoshlarimiz va ularning yaqinlariga ogʻir. Ularning tashvishi, azobi xastalik oqibati haqidagi xavotirli oʻylar bilan cheklanmaydi. Xorijda davolash yoki davolanish uchun pul ham, imkon ham topilar, ammo vaqt yoʻqotiladi...

Oʻzgarishlar, yangiliklar kutilayapti

Yurtimizning oʻzida inson organlari va toʻqimalarini koʻchirib oʻtkazish amaliyotini kengaytirish koʻzda tutilmoqda. Aniqroq aytadigan boʻlsak, oʻtgan yili buning huquqiy asosini taʼminlaydigan “Odam aʼzolari va toʻqimalarini transplantatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.

– Trasplantologiya boʻyicha qonunlar dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida qabul qilingan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muharram Dadaxoʻjayeva. – Bu haqda gap ketganda koʻpchilik masalaning diniy tomoniga eʼtibor qaratadi. Hatto islom davlatlarida ham transplantatsiya amaliyoti mavjud. Masalan, Turkiya hamda Saudiya Arabistonida organ va toʻqimalarni koʻchirib oʻtkazish boʻyicha yiliga 4 mingga yaqin jarrohlik operatsiyasi amalga oshiriladi. Islom va Islom Tibbiyoti etik kodeksiga asosan inson organlari transplantatsiyasiga, agar u donorga zarar yetkazmasa hamda retsipiyent shifo topishiga sabab boʻlsa, ruxsat beriladi.

Mazkur qonun loyihasi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining “Inson toʻqimalari, hujayralari va organlarini transplantatsiya qilish boʻyicha ustuvor tamoyillari” talablari asosida tayyorlandi. Shuningdek, uni yaratishda MDH davlatlarining ayni yoʻnalishdagi qonunchiligi yutuqlari, afzalliklari, qolaversa, milliy urf-odat va qadriyatlarimiz ham inobatga olindi.

Qonun loyihasida donor sifatida faqatgina yaqin qarindoshlar oʻz organi va toʻqimalarini berishi mumkinligi, shaxs murdasidagi organ va toʻqimalarni olish uning tirikligidagi notarial tasdiqlangan, yozma ravishda bergan roziligi yoki yaqin qarindoshlarining roziligi asosida amalga oshirilishi aks etgan. Oʻrganishlar shuni koʻrsatdiki, Rossiya, Germaniya, Isroil, Daniya, Avstriya, Irlandiya, Belgiya, Niderlandiya, AQSH, Shveysariya kabi davlatlarda bunday rozilik talab qilinmaydi. Ushbu davlatlar qonunlarida faqatgina tibbiyot muassasasi murdadan organ yoki toʻqimalarni olish vaqtida, ushbu shaxs vafotidan oldin yoki uning qarindoshlari bunga qarshi ekani haqida xabar topsa, transplantatsiyaga yoʻl qoʻyilmasligi koʻrsatilgan.

Hozircha transplantatsiya amaliyotini oʻtkazish huquqiga ega tibbiyot muassasalari masalasi munozarali boʻlib turibdi. Yaʼni, bu ish bilan faqat davlat tibbiyot muassasalari shugʻullanishi kerakmi yoki ular safiga xususiy tibbiyot muassasalarini ham qoʻshish maʼqulmi, degan savol boʻyicha aniq toʻxtamga kelingani yoʻq.

Agar qonun qabul qilinsa...

Baʼzan inson aʼzolari, toʻqimalari va (yoki) hujayralarini ajratib olishga majbur qilish, noqonuniy ajratib olish yoki inson aʼzolari, toʻqimalari va (yoki) hujayralariga nisbatan bitim tuzish kabi xunuk xabarlar haqida eshitib qolamiz. Bunday qilmishni kechirib boʻlmaydi va u jazosiz qolishi mumkin emas. Shu nuqtayi nazardan, ilgari surilayotgan qonun qabul qilinsa, Jinoyat kodeksiga shu singari noxush xatti-harakatlarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar kiritilishi kutilmoqda. Ayni jihat inson aʼzolaridan noqonuniy daromad olishga qarshi kurashishda juda muhim.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, qonun qabul qilinganidan soʻng bir yil davomida 100 tagacha buyrak, 50 tagacha jigar, 20 tagacha yurak, 15 tagacha yurak-oʻpka kompleksi, 10 tagacha oshqozon osti bezi transplantatsiyasini amalga oshirish mumkin.

Haqli savol tugʻiladi: koʻpchilik kutayotgan bu qonun qachon qabul qilinadi? Qonun loyihasi hozirda parlament quyi palatasida ikkinchi oʻqishga tayyorlanmoqda. Transplantatsiya nihoyatda jiddiy va ayni paytda oʻta nozik masala. U bilan bogʻliq munosabatlar chuqur oʻrganishlarni, aniq tartib-qoidalarni talab qiladi. Va bularning bari uchun albatta vaqt kerak. Muhimi, mamlakatimizda mazkur yoʻnalishda yangiliklar joriy etish uchun asosiy qadam tashlandi.

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Inson organlari va toʻqimalarini koʻchirib oʻtkazish amaliyotini kengaytirish koʻzda tutilmoqda