Inson Marsda yaşay oladimi?
Insoniyat tarixidagi eng ulkan ilmiy va texnologik maqsadlardan biri Yerdan taşqarida hayot keçiriş imkoniyatini yaratişdir. Bu borada olimlar eʼtibori köproq Qizil sayyoraga qaratilgan. NASA, Yevropa koinot agentligi (ESA), Xitoyning CNSA tuzilmasi va “SpaceX” xususiy kompaniyasi Marsni örganiş, uşbu sayyoraga odam jönatiş hamda kelajakda samoda yaşaş manzillari barpo etiş ustida iş olib boryapti.
Tabiiyki, Marsga boriş bilan öşa joyda yaşaşning farqi bor. Kuçli radiatsiya, keskir sovuq, nafas oliş uçun yaroqsiz atmosfera, suv va energiya taʼminoti bilan boğliq muammo hamon yeçim kutmoqda. Şu bilan birga sayyoradagi muz va havo tarkibidan foydalaniş mutaxassislarda jiddiy qiziqiş uyğotmoqda. Xöş, hayot keçiriş uçun nega aynan Mars tanlangan? Inson qadami Qizil sayyoraga qaçon yetadi? Samoda mustaqil yaşaydigan joylar bormi? Marsni özlaştiriş yölida sarflanayotgan milliardlab dollar mablağ özini oqlaydimi?
Nima uçun Mars?
Quyoş tizimida Yerga eng yaqin sayyora Venera bölsa-da, inson yaşaşi uçun şaroit yaratiş nuqtai nazaridan Mars nisbatan istiqbolli hisoblanadi. Buning bir neça sababi bor. Avvalo, Marsdagi muhit Veneranikiga nisbatan ança qulay. Venera yuzasida harorat taxminan 465 darajaga kötariladi, havo bosimi Yerdagidan qariyb 92 barobar yuqori. Marsda esa örtaça harorat taxminan -63 daraja, ayrim hududlarda kunduzi harorat noldan kötariladi. Yana bir muhim jihat: Marsda sutka – 24 soat 39 daqiqa. Aynan şu davomiylik Yerdagi kunlik biologiya ritmga moslaşiş uçun qulaylik yaratadi. Sayyorada fasllar ham mavjud.
Ikkinçidan Marsda suv zaxirasi bor. Qutb hududi va yer osti qatlamida aniqlangan muzni kelajakda qazib oliş va qayta işlaş orqali içimlik suvi, kislorod hamda raketa yonilğisi hosil qiliş mumkin.
Uçinçidan olimlar Marsning qadimgi muhitini örganişga ahamiyat bermoqda. Geologik dalil sayyorada milliardlab yil avval daryo va köllar bölganini körsatadi. Şu bois ayni tadqiqot nafaqat yaşaş imkonini qidiriş, balki hayot Yerdan boşqa manzillarda ham paydo bölgan-bölmaganini aniqlaşga yordam beradi. Marsdagi tortişiş kuçi Yerga nisbatan qariyb 38 foiz. Bu harakat va yuk taşişni osonlaştirişi mumkin. Binobarin, past gravitatsiyaning inson tanasiga uzoq muddatli taʼsiri hali töliq örganilmagan.
Demak, Mars Yerning aynan nusxasi emas, ammo boşqa sayyoralar bilan taqqoslanganda, ekspeditsiya va ilmiy tadqiqot uçun nisbatan istiqbollidek tuyuladi.
Marsga qaçon boramiz? Texnologiya şunga tayyormi?
Hozirgaça Marsga robotlaştirilgan qurilmalar yuboriş böyiça muayyan tajriba töplangan. Faqat odamni yetkaziş, xavfsiz qöndiriş va Yerga qaytariş juda murakkab vazifa.
NASA Marsga inson parvozini amalga oşiriş uçun zarur texnologiyani rivojlantirmoqda. Agentlik rasmiy maʼlumotida bunday missiya 2030-yillarda amalga oşişi ehtimoli keltirilgan. Bu aniq belgilangan sana emas, albatta. NASA huzuridagi “Artemis” dasturi ham ayni jarayonda muhim örin egallaydi. Şu tariqa Oyda uzoq muddatli tadqiqot olib boriş, yangi texnologiyani sinaş va kelajakda Marsga odam yuboriş uçun zarur tajriba töplaş közda tutilgan.
Xususiy sektorda ham iş olib borilyapti. Jumladan, “SpaceX” oğir yukni taşiş va qayta foydalanişga möljallangan “Starship” fazo kemasi yaratyapti. Kompaniya maqsadi – Marsga inson va köp hajmda yuk yetkaziş. Afsuski, texnologiya sinovdan ötkazilişi insonning bevosita iştirokidagi Mars missiyasi uçun töliq tayyorlikni anglatmaydi. Bu jarayondagi eng murakkab vazifa oğir fazo kemasini sayyoraning siyrak atmosferasi orqali xavfsiz qöndiriş. NASA ixtiyoridagi, 2024-yilga tegişli “Moon to Mars Architecture” hujjatida ham insonni Qizil sayyoraga yuboriş va keyin Yerga qaytariş uçun qator yangi muhandislik yeçimlari zarurligi taʼkidlangan.
Yerdan Marsga yetiş uçun bir neça oy kerak bölişi mumkin. Bu vaqt oraliğida ekipajni radiatsiyadan himoya qiliş, oziq-ovqat, suv va kislorod bilan taʼminlaş talab etiladi. Qaytiş yonilğisini oldindan tayyorlaş yoki sayyorada işlab çiqariş texnologiyasi yaratiş ham muhim masala. Hozir şu maqsadda ayrim texnologiyalar işlab çiqilgan va sinovdan ötkazilyapti. Faqat xavfsiz boriş, yaşaş va qaytişni taʼminlaydigan yaxlit tizim hali töliq şakllantirilmagan.
Radiatsiya, keskir sovuq va kislorod yetişmovçiligi insonga qanday taʼsir qiladi?
Marsda yaşaşga tösqinlik qiladigan asosiy omil – radiatsiya. Quyoşdan keladigan zararli zarraçalardan Yerni magnit maydoni va atmosfera himoya qiladi. Marsda esa global magnit maydoni mavjud emas, atmosfera qatlami ham nisbatan siyrak. Demak, sayyora yuzasida va safar davomida kişi yuqori radiatsiya taʼsiriga duç keladi.
Ayni xavf kölamini NASA “Curiosity” roveriga örnatilgan RAD radiatsiyani ölçaş asbobi maʼlumoti ham körsatadi. 2013-yil eʼlon qilingan hisobotda 180 kunlik boriş, Marsda 500 kun qoliş va yana 180 kunlik qaytiş davomida inson taxminan 1 zivert radiatsiya olişi aytilgan. Bunday taʼsir saraton kasalligi xavfini oşiradi, hujayra va DNKga zarar yetkazadi. Şuning uçun fazo kemasi va Marsdagi yaşaş manzilini radiatsiyadan himoyalaş öta muhim.
Ikkinçi yirik muammo – harorat. NASA maʼlumotiga köra, Marsda örtaça harorat -63 daraja. Qutb hududida esa havo yanada soviydi. Atmosfera siyrakligi tufayli issiqlik yaxşi saqlanmaydi. Şuning uçun odam issiqlik uşlaydigan maxsus kiyim va harorat nazorat qilinadigan yopiq inşootda yaşaşiga töğri keladi.
Uçinçi muammo – kislorod yetişmovçiligi. Mars atmosferasining taxminan 95-96 foizi karbonat angidriddan iborat, kislorod uluşi atigi 0,13 foiz. Qisqasi, havo nafas oliş uçun yaroqsiz. Qolaversa, sayyora yuzasidagi atmosfera bosimi Yerdagidan ança past. Demak, inson skafandrsiz oçiq muhitda yaşay olmaydi.
Past gravitatsiya ham alohida xavf tuğdiradi. Yerdagiga nisbatan ança kam tortişiş kuçi muşak zaiflaşuvi, suyak ziçligi kamayişi va yurak-qon tomir tizimi özgarişiga olib keladi. Bunday holatning uzoq muddatli oqibati hali örganilmagan.
Umuman, Marsda inson yaşab ketişi faqat skafandrga boğliq emas, balki radiatsiyadan himoya, sunʼiy atmosfera, barqaror harorat va tibbiy nazorat tizimi bir vaqtda işlaşi zarur.
Marsda mustaqil yaşaş manzili quriş, resurs bilan taʼminlaş iloji bormi?
Marsni özlaştiriş rejasidagi eng muhim yönalişlardan biri Yerdan olib boriladigan resursga qaramlikni kamaytiriş. Zero, har bir qöşimça yukni yetkaziş beqiyos mablağ, murakkab logistikani taqozo etadi.
Olimlar buning uçun ISRU – sayyoraning özida mavjud resursdan foydalaniş texnologiyasini işlab çiqmoqda. Bu boradagi eng muhim tajriba – NASA “Perseverance” roveriga örnatilgan MOXIE qurilmasi Mars atmosferasidagi karbonat angidriddan kislorod ajratib oliş imkoniyatini sinab kördi.
2023-yil sentabrda NASA mazkur qurilma belgilangan vazifani muvaffaqiyatli bajarganini maʼlum qildi. MOXIE Marsda 16-marta kislorod işlab çiqarib, jami 122 gramm foydali havo hosil qildi. Eng samarali işlagan paytida esa bir soatda 12 gramm, 98 foizdan yuqori tozalikdagi kislorod olişga erişdi.
Bu tajriba kelajakda Marsda nafas oliş uçun kislorod va raketa yonilğisi işlab çiqariş imkoni borligini körsatdi. Faqat hozirça bu texnologiya insonni uzoq muddat taʼminlaş darajasiga yetmagan.
Yaşaş manzili barpo etiş böyiça ham bir neça yeçim taklif etilmoqda. Jumladan inşootni radiatsiyadan himoyalaş uçun Mars tuproğini regolit bilan qoplaş, yer osti xonasi yoki tabiiy ğordan foydalaniş mumkin. Suvni muz qatlamidan oliş, qayta işlaş va yopiq aylanma tizimda işlatiş rejalaştirilmoqda.
Oziq-ovqat taʼminoti uçun esa maxsus issiqxona, gidroponika va boşqa tuproqsiz yetiştiriş texnologiyasidan foydalaniş imkoniyati örganilyapti. Afsuski, bunday tizimlar Mars şaroitida uzoq muddat mustaqil işlaşi hali isbotlanmagan.
Energiya taʼminoti ham jiddiy muammo. Quyoş paneli elektr işlab çiqarişi mumkin, ammo çang böroni samaradorlikni pasaytiradi. Şu bois NASA uzoq muddatli missiyada yadroviy energiya manbaidan foydalanişni ham istiqbolli yönaliş sifatida köryapti. Demak, Marsda hayot uçun zarur ayrim resurslar mavjud, ammo unsurlarni qazib oliş, qayta işlaş va inson ehtiyojini qondiradigan darajaga yetkaziş murakkab muhandislik vazifasi bölib qolmoqda.
Sarflanayotgan milliardlab dollar mablağ özini oqlaydimi?
Mars tadqiqotiga sarflanayotgan mablağ haqida gap ketganda, faqat sayyorada şahar quriş yoki insonni sayyoraga yetkaziş sarfini hisoblaş töğri emas. Binobarin, bu dasturlar davomida işlab çiqilayotgan texnologiyadan Yerda ham foydalaniş mumkin.
Masalan, suvni qayta işlaş, havoni tozalaş, energiyani tejaş, avtonom robot, masofadan boşqariladigan tibbiy qurilma va oğir şaroitda işlaydigan material sohasidagi işlanmalar fazoviy tadqiqot bilan birga rivojlanmoqda.
Marsni örganişning yana bir muhim natijasi – Yerning ötmişi va kelajagini yaxşiroq tuşuniş imkoniyati. Olimlar Marsdagi atmosfera özgarişi, magnit maydoni yöqolişi va suv zaxirasi kamayişini örganiş orqali sayyoralar evolyutsiyasi haqida yangi maʼlumotga ega bölmoqda.
Qolaversa, ayni tadqiqotni yaqin istiqbolda töğridan-töğri iqtisodiy foyda keltiradigan loyiha sifatida baholaş kerak emas: Qizil sayyorada hozirça işlaydigan sanoat, savdo bozori yoki özini moliyaviy jihatdan taʼminlaydigan infratuzilma mavjud emas. Inson iştirokidagi missiya, yaşaş manzili, energiya tizimi va transport vositasiga sarflanadigan mablağ ham behisob.
Şu sababli mazkur sarmoya özini oqlaşi faqat Marsda daromad oliş emas, balki ilmiy kaşfiyot, yangi texnologiya va Yerdagi muammolarga yeçim topişga qöşilayotgan hissa bilan ham baholanişi lozim. Yaʼni Marsga sarflanayotgan mablağ samarasi bevosita iqtisodiy foyda bilan ölçanmaydi. Binobarin, hozirgi holat har qanday xarajatni oqlaş uçun asos ham böla olmaydi. Koinot dasturlarining ilmiy ahamiyati, xavfsizligi va iqtisodiy samaradorligi muntazam baholab borilişi şart.
Marsda millionlab odam yaşaydigan şaharlar quriş mumkinmi?
Marsda millionlab odam istiqomat qiladigan şaharlar quriş ğoyasi sönggi yillarda fazoviy tadqiqot bilan birga köp muhokama qilinmoqda. Töğri, olimlar ayni maqsadni yaqin kelajakda amalga oşiriş mumkin bölgan vazifa sifatida baholayotgani yöq. Bu borada ikki xil qaraş bor. Birinçi yönaliş vakillari, jumladan Mars jamiyati asosçisi Robert Zubrin va “SpaceX” rahbari Ilon Mask insoniyat kelajakda köp sayyorali sivilizatsiyaga aylanişi zarurligini taʼkidlaydi. Ularning fikriça, Marsda doimiy manzilgohlar barpo etiş inson uçun uzoq muddatli istiqbol va Yerda yuz berişi ehtimoli bor global falokatlardan saqlaniş imkoniyatini kengaytiradi. Boşqa olimlar esa bunday rejaning amaliy imkoniyatiga şubha bilan qaraydi. Yaʼni, Marsni terraformalaş orqali mavjud muhitni Yer şaroitiga yaqinlaştiriş ğoyasi hozirgi texnologiya bilan amalga oşişi qiyinligi taʼkidlanadi.
2018-yil “Nature Astronomy” jurnalida eʼlon qilingan amerikalik olimlar Bryus Yakoski va Kristofer Edvards tadqiqotida Marsdagi mavjud karbonat angidrid zaxirasi sayyora harorati va atmosfera bosimini inson yaşaşi uçun yetarli darajada oşirişga kifoya qilmasligi qayd etilgan. Mazkur hujjat mualliflari hozirgi texnologiya bilan Marsni Yerga öxşaş sayyoraga aylantiriş imkoni yöq, degan xulosaga kelgan. Şuning uçun millionlab odam yaşaydigan oçiq şaharlar bunyod etişdan köra, dastlab maxsus himoyalangan inşootlar, yer osti bazalari va kiçik ilmiy manzilgohlar barpo etiş işonçliroq vazifa sifatida baholanadi. Bunday manzillarda odamlar sunʼiy ravişda yaratilgan atmosfera, harorat va bosim nazorati ostida yaşaşi mumkin. Suv qayta işlanadi, kislorod işlab çiqariladi, oziq-ovqatning bir qismi yopiq issiqxonada yetiştiriladi. Faqat bunday tizimlar uzoq muddat uzluksiz işlaşi sinovdan ötkazilişi kerak.
Marsni özlaştiriş insoniyatning eng murakkab ilmiy-texnik loyihalaridan biri bölib qolmoqda. Sayyorada muz borligi, atmosferadan kislorod ajratib oliş imkoni va Yerga nisbatan ayrim öxşaşliklar kelajakda inson Qizil sayyorada yaşaşiga umid uyğotadi. Töğri, hozirça bu imkoniyatni mustaqil va barqaror hayot uçun yetarli deb bölmaydi. Radiatsiyadan himoyalaniş, energiya işlab çiqariş, suv va oziq-ovqat taʼminoti, past gravitatsiyaning inson organizmiga taʼsiri hamda sayyoradan qaytiş masalasi hal etilişi kerak. Şu nuqtai nazardan Mars yaqin kelajakda millionlab odam yaşaydigan yangi vatanga aylanişidan köra, ilmiy tadqiqot va çeklangan inson ekspeditsiyasi uçun muhim manzil bölişi ehtimoli yuqori.
Eng muhimi, Marsni örganiş faqat boşqa sayyorada yaşaş imkoniyatini izlaş emas. Bu jarayon insonga öz sayyorasining naqadar noyobligini ham anglatadi. Zero, Yerda tabiiy ravişda mavjud bölgan havo, suv, qulay harorat va hayot uçun zarur şaroitni boşqa sayyorada sunʼiy ravişda yaratiş neçoğli qiyinligini Mars misolida köriş mumkin.
Fardona Yaxşiboyeva, ÖzA