Inson huquqlari ustuvor boʻlib qolaveradi
Xususan, deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda atroflicha muhokama qilishdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.
Xususan, deputatlar “Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi oʻqishda atroflicha muhokama qilishdi.
Ushbu loyiha bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va sudlar zimmasiga gumon qilinuvchi, ayblanuvchiga nisbatan ushlab turish, qamoqqa olish, uy qamogʻi yoki ekspertiza oʻtkazish uchun shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish tarzidagi protsessual majburlov choralari qoʻllagani haqida ularning oila aʼzolarini yoxud boshqa yaqin kishilarini darhol xabardor qilish majburiyati yuklanmoqda.
Shu bilan birga, shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, ushlash jarayonida oʻtkaziladigan shaxsiy tintuv va olib qoʻyish, shuningdek, himoyachidan voz kechish harakatlarini albatta majburiy tarzda videoyozuvga olish majburiyligi belgilab qoʻyilmoqda.
Shuningdek, loyihada shaxsni ushlash jarayonida videoyozuv qoʻllanilmagan taqdirda, davlat organi xodimi ushlangan shaxsni huquqni muhofaza qiluvchi organ binosiga olib kelganidan soʻng, unga huquqlarini videoyozuvga qayd qilgan holda tushuntirishi shartligiga oid qoida nazarda tutilmoqda.
Deputatlarning qayd etishicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatining shakllanishi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yoʻlida ogʻishmay xizmat qiladigan idoralarga aylanishida mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilindi.