Bugun butun dunyoda nishonlangan Inson huquqlari kuni, ya’ni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan kunda O‘zbekistonda ham yurtimizda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar, shu yo‘nalishda qilinishi zarur bo‘lgan ishlar olimlar, inson huquqlari himoyachilari va keng jamoatchilik ishtirokida tahlildan o‘tkazildi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasi, eng avvalo, umuminsoniy qadriyatlar, huquqlar himoyasi qamrab olingan mana shu yirik xalqaro hujjatga hamohang.
Bosh qomusimiz mohiyatiga inson huquqlari – oliy qadriyat tamoyili chuqur singdirilgan. Fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvida ishtirok etishi bilan bog‘liq milliy normalar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqaroviy va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt va xalqaro hujjatlarda belgilangan siyosiy huquqlar va uni kafolatlashga oid umum tan olingan norma va prinsiplarga to‘liq muvofiq keladi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 28 yilligiga bag‘ishlab O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan bayram tabrigida yurtimizdagi islohotlarning tub mohiyati xalq roziligiga erishish ekanligini yana bir bor ta’kidladi.
Qayd etilganidek, “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”, degan konstitutsiyaviy norma asosida mamlakatimizda xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan, Konstitutsiya va qonun ustun bo‘lgan samarali va barqaror tizim shakllanmoqda”.
Shu bois ham mamlakatimizda amalga oshirilayotgan insonparvarlik siyosatining tub mohiyati turmush tarzimizning barcha jabhalarini tubdan yaxshilash, insonlar hayotining buguni va ertasini obod etishdan iborat. Aynan shu jarayon ham insonga, uning huquqlariga bo‘lgan katta e’tibor natijasidir.
Yuqorida fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtiroki masalasiga to‘xtaldik. Buning bugungi kundagi dolzarb jihatiga to‘xtaladigan bo‘lsak, pandemiya davrida bunday ishtirok etishni raqamli texnologiyalar yordamida zamonaviylashtirib borish zaruriyati paydo bo‘ldi.
Shuni hisobga olib davlat organlari, jamoat tashkilotlari, ayniqsa deputatlar innovatsion texnologiyalar imkoniyatidan foydalangan holda xalqimizni tashvishga solayotgan muammolarini hal etishga kirishdi. Onlayn muloqotlar, murojaatlarni elektron qabul qilish amaliyoti kengaydi.
Bugun barchamiz OAV va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va qabul qilinayotgan qonun hujjatlari qizg‘in muhokama qilinayotganligiga guvoh bo‘lmoqdamiz.
Mazkur holat mamlakatimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosatini yana bir bor ko‘rsatib turibdi. Eng asosiysi, jurnalistlar,fuqarolar, blogerlar tomonidan aksariyat muammolarga yechim ham taklif etilmoqda.
Bu, albatta, quvonarli hol. Boisi, loqayd bo‘lmagan, ertangi kuniga ishonchi bo‘lgan insongina yurtimizda ro‘y berayotgan islohotlarga faol fuqarolik pozitsiyasini bildira oladi. Shu ma’noda, davlat, fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarining mamlakatni yanada jadal va har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi zamonaviy shakldagi tizimli hamda samarali muloqotini yo‘lga qo‘yish zaruriyati har qachongidan muhim bo‘lmoqda.
Yana bir muhim jihat, Bosh Qomusimizning 34-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ixtiyoriylik asosida tashkil etiladigan jamoat birlashmalari faoliyatida ishtirok etish huquqiga egaligi bilan bog‘liq.
Dunyoda nodavlat notijorat tashkilotlari «uchinchi sektor» sifatida jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vositalarini kengaytirish, normativ-huquqiy hujjat loyihalarini jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish kabi muhim vazifalarni bajarib kelmoqda.
Mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlar salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha islohotlar jadal amalga oshirilmoqda. Masalan, 1992 yilda Respublikamizda qariyb 100 taga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat ko‘rsatib kelgan. Hozirda 10 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilishda, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish kabi muhim vazifalarni bajarib kelmoqda.
bugungi kunda fuqarolarning kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish konstitutsiyaviy huquqini ta’minlashni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksi loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Unda nodavlat notijorat tashkilotlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatishni raqamlashtirish, fuqarolarning volontyorlik harakatlari kabi ijtimoiy foydali jamoat birlashmalariga turli imtiyozlarni berish, davlat va nodavlat sektorning ijtimoiy sherikligini rivojlantirishga qaratilgan yangi huquqiy mexanizm belgilanishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega yo‘nalish sifatida mamlakatimizda kambag‘allikka qarshi kurash, korrupsiyaning oldini olish hamda ishsizlikni kamaytirish kabi muhim ijtimoiy loyihalarni nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlariga manzilli subsidiya va davlat buyurtmasi berish ishlari jadallashtirilmoqda.
Albatta, siyosiy huquqlar haqida gapirganda, vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqini alohida e’tirof etish lozim.
Davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari tubdan qayta ko‘rib chiqilishi orqali Konstitutsiyamizning prinsip hamda normalarini hayotga tatbiq qilishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqanligini ko‘rishimiz mumkin.
Sir emaski, to‘rt yil avval aksariyat odamlar hokimlar yoki vazirlarni deyarli tanimasdi. Hattoki, ko‘pchilik katta-kichik rahbaru mutasaddilar oldiga arz qilib ikki-uch marta qatnagan odamga «yozuvchi», «arizaboz», «ig‘vogar» tarzida ajratib qo‘yilardi. Bugun xalqimiz o‘z huquqlarini talab qilishni o‘rgandi. Boshqacha aytganda, davlat xizmatchilariga haqiqiy bahoni xalq bermoqda.
Xulosa sifatida aytish joizki, fuqarolarning huquq va erkinliklariga oid xalqaro standartlar milliy qonunchilikka singdirilishi barobarida ularni amalda ta’minlash yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Koronakrizis sharoiti ham xalqaro hamjamiyatga, barcha davlatlarga inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashda yangi tendensiya va vositalar zarurligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Sardorbek Yusupov,
TDYUU kafedra mudiri,
yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori.
O‘zA