Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida inson huquqi ta’limi mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida shu sohada o‘zaro tajriba almashilgan ushbu tadbirda Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti raisi Muharrem Qilich boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Markaz direktori Akmal Saidov va Muharrem Qilich davra suhbati ishtirokchilariga ikki mamlakatda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.
Jamiyatda inson huquqi madaniyatini shakllantirish fuqarolar huquqini ta’minlash va himoya qilish hamda qonun ustuvorligini mustahkamlashning muhim shartidir.
Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2004 yil 10 dekabrda barcha sektorlarda inson huquqi sohasidagi ta’lim dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida Inson huquqi sohasidagi Jahon ta’lim dasturi e’lon qilingan. 2011 yil dekabrda esa BMTning Inson huquqi sohasidagi ta’lim va tayyorgarlik to‘g‘risidagi deklaratsiyasi qabul qilindi. Hozirgacha dasturning uch bosqichi amalga oshirildi. Bundan tashqari 2020-2024 yillar uchun to‘rtinchi bosqich ko‘zda tutilgan. Yangi bosqich inson huquqi sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquqi va imkoniyatini kengaytirishga qaratilgan.
Davra suhbatida Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti kengashi a’zosi Xarun Mertoglu “Parij prinsiplari doirasidagi inson huquqi bo‘yicha milliy institutlar” mavzusida so‘z yuritdi. Ma’ruza inson huquqi bo‘yicha institutlar faoliyatiga bag‘ishlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining inson huquqi sohasidagi ta’lim milliy dasturi ishlab chiqilayotgani, prokuratura va oliy ta’lim tizimida ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
So‘nggi yillarda inson huquqi sohasidagi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyati bajarilishini ta’minlash bo‘yicha kompleks choralar qabul qilindi. Natijada mamlakatimizda xalqaro standartni milliy qonunchilikka va huquqni qo‘llash amaliyotiga tizimli, bosqichma-bosqich implementatsiya qilishning o‘zbek modeli shakllandi.
Tadbir doirasida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bilan Turkiyaning Inson huquqlari va tenglik instituti o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
- bugungi uchrashuvda imzolangan ushbu hujjat qo‘shma tadbirlar o‘tkazishni ko‘zda tutadi, - dedi Muharrem Qilich, - Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasidagi yaqin munosabat bizning idoralararo yaqin hamkorligimizda ham aks etishini xohlaymiz. Bugun ba’zi zarur yo‘nalishlarni belgilab oldik. Institutimiz kamsitilish va teng huquq borasidagi murojaatlarni qabul qiladi. Har ikki masala yuzasidan hamkorlik qilishga kelishib oldik. Biz jahon miqyosida ushbu yo‘nalishdagi idoralar faoliyatini o‘rganib boramiz. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markazi faoliyati ham e’tiborimiz markazida. Jamoa juda jiddiy masalalar bo‘yicha ish olib borayotganiga, sohaga oid qator qo‘llanma va kitoblar chop etayotganiga guvoh bo‘ldik. Nashrlar bilan yaqindan tanishishni boshladik. Bu yerda olib borilayotgan ishlar nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyoda inson huquqi ta’minlanishiga munosib hissa qo‘shadi, deb o‘ylayman.
Go‘zal Sattorova, O‘zA