Inson huquq va manfaatlari eng oliy qadriyat
Davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi barchaning diqqat markazida bo‘ldi.
Bu mamlakatimiz uchun tarixiy uchrashuv bo‘ldi, chunki O‘zbekiston BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengash a’zosi sifatida birinchi marta ishtirok etdi va bu dunyoning 169 ta davlati tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik munosabatlarini kuchaytirishga doir tizimli ishlar olib borildi. Mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi tajribasi jahon hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etildi.
Ayniqsa, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilishini alohida ta’kidlash joiz. Oldinlari oliy, o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining talabalari hamda umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari mavsumiy ishlarga, obodonlashtirish ishlariga asosiy mehnat kuchi sifatida majburiy safarbar etilar edi. Mana shu majburiy mehnatga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keskin barham berildi. Buning natijasida nafaqat ta’lim sohasida balki barcha tashkilotlarda yuqorida keltirilgan majburiy mehnatning to‘liq bartaraf etilishiga erishildi. Nutqda ta’kidlanganidek, bu islohotlarimizdagi eng asosiy yutuqlarimizdan biri bo‘ldi.
Shuningdek, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi taklifning qo‘llab-quvvatlanishi haqiqiy insonparvarlik namunasi bo‘ldi. Ushbu yo‘nalishda ham mamlakatimiz tomonidan katta ishlar amalga oshirilgani sir emas. Prezidentimiz o‘z nutqida o‘tgan yilning o‘zida 50 ming nafar vatandoshimiz O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinganligini, bu yil yana 20 mingdan ziyodining fuqarolikka ega bo‘lishini qayd etdi. Shuningdek, nutqda insonning asosiy huquq va erkinligi, gender huquqi siyosati, ijtimoiy-siyosiy hayotda va tadbirkorlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlar, alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratish, ayniqsa, mamlakatimiz aholisining yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e’tibor markazida ekanligini alohida e’tirof etib o‘tildi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqi mamlakatimizning har bir fuqarosida cheksiz faxr-iftixor tuyg‘usini uyg‘otadi va shuning bilan birga katta mas’uliyat ham yuklaydi.
Nurlibay QAIPBERGENOV,
O‘zbekiston «Adolat» SDP
Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi raisi.
O‘zA