Inson hayotida juda muhim bir doʻst bor...
Biz bilamizki, koʻpincha badiiy asarlarda toʻqimalarga boy hayotiy voqealar ham tasvirlanadi.
Adabiyot har qanday istalgan yoshdagi kitobxonga inson hayotida nimalarga erishishi yoki kutilmagan hodisalarga roʻbaroʻ kelganda qanday holatga tushib qolishi mumkinligini koʻrsatib, xulosa chiqarishga sababchi boʻlib, uning asosida hissiy tajribani oshiradi, badiiy didni shakllantiradi, qaysidir oʻrinlarda estetik zavq bagʻishlaydi. Prezident Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek, “...Har qaysi davlat, har qaysi xalq intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda... Imom Buxoriy, Beruniy, Xorazmiy, Ibn Sino, Jaloliddin Roʻmiy, Alisher Navoiy merosi xalqimizning milliy yuksalishiga katta hissa qoʻshgan”.
Aslida kitobxonlik, badiiy adabiyot tarbiya, taʼlim va rivojlanish kabi tashqi omillarni shakllantiruvchi vosita sifatida sanalsa, unda ifodalangan voqeiy lahzalari shaxsiyatga taʼsir qiladi va natijada, inson mazkur bir doira yoki sohaga oid bilim manbaini oshirib, baʼzi oʻrinlarda hatto madaniy ozuqa ham oladi. Hayotda juda muhim doʻst borki, sohibqiron Amir Temur taʼbiri bilan aytganda: “...Barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql-idrokning, ilmu donishi asosidir va hayotni oʻrgatuvchi murabbiydir”. Ana shu sadoqatli, ishonchli hamroh – kitob, boshqacha aytganimizda – badiiy adabiyotdir. Har doim barkamol shaxsni tarbiyalash va shakllantirish taʼlimning asosiy tarkibiy qismlaridan hisoblanib kelingan. Taʼlim jarayonida badiiy adabiyotning eng muhim, asosiy vazifasi oʻsib kelayotgan yosh avlodga umumlashtirilgan boshqa fanlar kesimidagi nazariy bilimlar bilan bir qatorda, adabiy asar orqali yoshlarda chuqur va barqaror insoniy tuygʻularni shakllantirish, fikr yuritishga undash, dunyoqarashini kengaytirish, olamdagi oʻzgarishlarni ilgʻash, shaxsning xulq-atvorini toʻgʻri yoʻnaltirishga undovchi taʼsir kuchidan foydalanish sanaladi.
Badiiy adabiyot taʼsirining kitobxon uchun yana bir foydali jihati shundaki, oʻquvchi ideal va asosiy shaxsiy munosabatlarni shakllantiradigan maʼlum bir asar qahramoni bilan tanishgach, u uchun ushbu “ideallik” holati aniq hayotiy timsolga aylanadi va bu asosiy munosabat - uning hayotiy tajribasi va dunyoqarashini oʻzgartiradi.
Biz bilamizki, koʻpincha badiiy asarlarda toʻqimalarga boy hayotiy voqealar ham tasvirlanadi. Kitobxon har bir oʻqigan asaridan tegishli xulosani chiqarishi va oʻzi uchun nima muhimligini idrok qilishi mumkin. Nima boʻlganda ham – har bir hodisotdan bir hikmat izlash mumkin... xoh u realistik, xoh fantastik janrdagi asar boʻlsin.
Odamlarga fantastika janriga xos boʻlgan asarlar taʼsiri haqida gapirsak, oʻqilgan turli xil kitoblarning yakuniy taʼsirida emotsional hissiy impulslarning yaratuvchanlikka undashi, birorta yangilikka sababchi boʻlganini ham koʻrishimiz mumkin.
Mumtoz adabiyot shaxsiyatni rivojlantirishning maʼlum bosqichlarida, kitobxonni ezgulikka chorlashi, voqealar va qahramonlarning xatti-harakati bugungi zamonaviy hayot tajribasiga mos kelmasa-da, baribir hayotga boʻlgan sof insoniy tuygʻular maʼlum bir ruhiy kuch sifatida taʼsir qilishi mumkinligini eʼtirof etish oʻrinli. L.N.Tolstoy aytganidek: “..... Turli xil ertaksifat hikoyalarni - aslida tinchlanish uchun oʻqiyman, zero ularda goʻzal hayot manzarasi ehtiroslarga boy boʻlsa-da, baʼzi kezlari olijanoblikka undaydi, bu kabi asarlardan oʻzim uchun bir qahramon obrazini yaratishda foydalanaman”.
Bugungi kun kitobxoni uchun kitoblar silsilasi turli-tuman. Xoh qoʻlyozma holatida, xoh bosma, xoh raqamli elektron tarzda olib oʻqish imkoniyati mavjud. Aslida kim uchundir bosma nashrni qoʻlga olib oʻqish zavq bersa, kimdir planshetdan oʻqigan asarini toʻlqinlanib hikoya qilib berishi mumkin. Oʻsib kelayotgan bolalarni goʻdakligidan badiiy adabiyot namunalari bilan tanishtirib borish, adabiyotga oshno qilish, kichik yoshdan kitobsevar qilib ulgʻaytirish – chamamda butun jamiyat vakillarining muhim vazifasi. Zero, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlaganlaridek: “...kitobni oʻqish, oʻqitish yetarli darajada emas. Bolalarimizni bogʻcha yoshidan, boshlangʻich sinflardan kichik-kichik kitoblarga oʻrgatish, shu orqali ularni kitobsevar etib ulgʻaytirish zarur. Shundagina jamiyatimizda kitobxonlik muhiti shakllanadi, boshqalar ham kitob oʻqishga qaytadi”.
Mamlakatimizda oʻsib kelayotgan yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun amalga oshirilayotgan islohotlar bejizga emas, binobarin, kelajak avlodning kamoloti ilm olish, bilimli boʻlish bilan belgilanadi. Bu borada Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017-yilning 12-yanvar kuni “Kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirishga qaratilgan” farmoyishi eʼlon qilingan edi. Shu farmoyish bilan bir qatorda Prezidentimizning 2017-yil 18-aprelda “Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida Adiblar xiyobonini barpo etish toʻgʻrisida”gi qarori ham imzolandi. Mazkur hujjat ijrosi doirasida Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari olib borilib, bogʻ hududi obodonlashtirildi. 2020-yil bahorda Davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida “Adiblar xiyoboni” barpo etildi. Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy bogʻi hududida keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Ushbu xiyobonda Oʻzbekiston yozuvchilar uyushmasi binosi, Zulfiya, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Muhammad Yusuf, Gʻafur Gʻulom va boshqa atoqli vatanparvarlar siymosi aks etgan haykallarni koʻrish mumkin.
Qadimda donishmandlardan biri: “...Asarni oʻqishga shaylangan kitobxon, avvalo muqovaga qarab kitobni javondan oladi, ammo uni oʻqib, uqib olgach – mazmun-mohiyatiga qarab baho beradi...”, degan ekan. Haqiqatdan ham, kitobning asl mohiyatini u bilan tanishgach, oʻqiganda bilish mumkin.
Oʻzbek xalqimiz azaldan kitobxonlikni aziz sanagan, biz bilamizki, tarixdan mushoiraxonlik, kitobxonlik davralari uyushtirilgan, keyinchalik oila vakillari jamlanganda asar muhokamasi boʻlib oʻtgan, baʼzi kezlarda esa oilaviy yigʻilib badiiy kitob oʻqilgan. Qahramonlar muhokama qilinib, ularning xatti-harakatlari baholangan. Ana shunday oilalarda farzandlar kitobga mehr qoʻyib voyaga yetishgan. Aslini olganda bizning ota-bobolarimiz kitobsevar boʻlishgan va biz shunday ajdodlarning avlodimiz, ruhan va maʼnan kitob oʻqishga oshno millatmiz. Adabiyotni oʻrganish orqali esa biz - hayotni tushunamiz.
Aziza Oripova, dotsent