Inson – aziz, xotira – abadiy
O‘z dahshati bilan onalar bag‘rini tig‘lagan, necha-necha alp o‘g‘lonlarni jangohlarda qurbon bo‘lishiga sababchi bo‘lgan, ayollarni beva, bolalarni yetim qilgan Ikkinchi jahon urushi haqida gap ketganda keksalar ko‘ziga yosh qalqadi.
O‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushi dahshatlari va sinovlarini boshidan kechirmagan birorta oila yo‘q. Erkinlik uchun o‘z jonini qurbon qilganlar xotirasini abadiylashtirish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarimizga, front ortidagi og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan ajdodlarimizga mehr-oqibat ko‘rsatish esa an’anaga aylangan.

9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan Sirdaryo viloyatining markazi Guliston shahridagi Xotira maydoniga harbiylar, huquq-tartibot idoralari, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, urush va mehnat faxriylari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari jam bo‘ldi.

Sirdaryo viloyati hokimi, senator G‘ofurjon Mirzayev boshchiligida Motamsaro ona haykali poyiga gullar qo‘yilib, bugungi tinch va osuda kunlar uchun jonini fido qilganlar xotirasi yodga olindi.

Viloyatda bayram tadbirlari davom etmoqda.


Shuhrat Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA