"InnoWeek-2026" ishtirokchilari qanday yangi ishlanmalarni taqdim etdi?
Joriy yilning 27-29-oktabr kunlari poytaxtimizdagi "CAEx Uzbekistan" xalqaro ko‘rgazmalar majmuasida "O‘zgarayotgan dunyo uchun innovatsiyalar" shiori ostida "InnoWeek-2026" xalqaro innovatsion g‘oyalar haftaligi bo‘lib o‘tdi.
Haftalik doirasida mahalliy olimlar, tadqiqotchilar va ishlab chiqaruvchilar o‘z ishlanmalari, yangi texnologiyalari hamda innovatsion loyihalarini namoyish etdi. Tadbir davomida ishtirokchilar bilan suhbatlashib, ularning haftalikdan olgan taassurotlari, ilmiy izlanishlari va istiqboldagi rejalari bilan qiziqdik.
Sarvara Saidmurodova – Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD):
–"InnoWeek-2026" doirasida mahalliy xomashyo asosida yengil beton ishlab chiqarish texnologiyasiga bag‘ishlangan ilmiy ishlanmamizni namoyish etdik.
Yaqinda texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya himoya qildim. Ilmiy ishim ko‘pchitilgan vermikulit asosida yengil betonlar ishlab chiqarish texnologiyasiga bag‘ishlangan.
Loyihaning asosiy jihati shundaki, unda 100 foiz mahalliy xomashyodan foydalaniladi. Yirik to‘ldiruvchi sifatida ko‘pchitilgan vermikulit, mayda to‘ldiruvchi sifatida esa uni ko‘pchitish jarayonida hosil bo‘ladigan vermikulit qumi qo‘llaniladi. Bog‘lovchi material sifatida kam suv talabchan sementdan foydalanamiz. Barcha komponentlar va qo‘shimchalar mahalliy xomashyo hisoblanadi.
Taklif etilayotgan betonning afzalligi uning yengilligi, mustahkamligi, issiqlik izolyatsiyasi va olovbardoshligida namoyon bo‘ladi. Shuningdek, tarkibiga karbonat qo‘shimchalarini kiritish natijasida materialning muzlashga chidamliligi va xizmat muddatini oshirishga erishdik.
Ushbu materialni monolit karkasli binolarning ichki va tashqi devor konstruksiyalarida qo‘llash mumkin. Uni ko‘pikbeton bloklarga muqobil material sifatida taklif etyapmiz. Tadqiqotlarimizda olingan natijalarga ko‘ra, vermikulitli betonning mustahkamligi 3,5-5 MPani tashkil etadi.
Loyihani amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha ham dastlabki ishlar amalga oshirildi. Ayni paytda mahsulotni standartlashtirish masalasi ustida ham ish olib borilmoqda.
[gallery-32229]
Umida Qodirova – O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti doktoranti:
– "InnoWeek-2026" doirasida tashkil etilgan hududning eng yaxshi 100 ta loyihasi tanlovida ishtirok etib, 10-nominatsiya bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritdim. Bu men uchun ilmiy izlanishlarimning e’tirof etilishi va kelgusi faoliyatim uchun muhim rag‘bat bo‘ldi.
Ilmiy ishlanmamiz sanoat chiqindilari hamda mahalliy xomashyodan foydalangan holda keramik pigmentlar sintez qilishga qaratilgan. Bu yo‘nalishdagi tadqiqotlarimizda mavjud xomashyo resurslaridan foydalanib, keramika sanoati uchun zarur bo‘lgan pigmentlarni olish texnologiyasini ishlab chiqish ustida ishlayapmiz.
Hozirda laboratoriyamizda ushbu yo‘nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda. Asosiy e’tibor sanoat chiqindilari va mahalliy xomashyoning xususiyatlarini o‘rganish hamda ularni keramik pigmentlar sintezida qo‘llash imkoniyatlarini baholashga qaratilgan.
Haftalik doirasidagi tanlovda ishtirok etish ilmiy ishlanmamizni kengroq namoyish etish va uning ahamiyatini mutaxassislar e’tiboriga havola qilish imkonini berdi. G‘oliblik esa bu boradagi izlanishlarimizni davom ettirishga yanada kuchli rag‘bat bag‘ishladi.
Alisher Valiyev – "NamBioTest" MCHJ xodimi:
– Korxonamizda tibbiy diagnostika uchun mo‘ljallangan 70 ga yaqin turdagi mahsulot ishlab chiqariladi. Ular orasida gepatit B va C, OIV kabi kasalliklarni aniqlovchi ekspress-testlar, gormonlar va D vitamini miqdorini o‘lchash vositalari hamda immunfluoressensiya apparatida qo‘llaniladigan testlar bor.
Narkotestlar ishlab chiqarishni esa taxminan ikki oy oldin yo‘lga qo‘ydik. Ular siydik yoki og‘iz so‘lagi orqali giyohvandlik va boshqa psixoaktiv moddalarni dastlabki aniqlashga mo‘ljallangan. Mahsulot turiga qarab, 10 tadan 18 tagacha moddani aniqlash mumkin. Hozirda dip-karta va maxsus test-stakan shaklidagi vositalar ishlab chiqarilmoqda.
Korxona faoliyati 2019-yilda boshlangan. Dastlab koronavirus pandemiyasi davridagi ehtiyojdan kelib chiqib, ekspress-testlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik mahsulotlar turi kengaytirildi. Mutaxassislarimiz so‘nggi uch-to‘rt yil davomida yangi diagnostika vositalarini yaratish va takomillashtirish ustida ishlamoqda.
O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva
yozib oldi.