Innovatsion yondashuvlarni ilgari surishda muhim imkoniyat
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti qoshidagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi (Green University) Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan va dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridan yetakchi ekspertlar, olimlar, investorlar va xalqaro tashkilotlar vakillarini birlashtirgan “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ekologik ko‘rgazmasida ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma doirasida markaz Orolbo‘yi mintaqasida amalga oshirilayotgan innovatsion ishlanmalar, ilmiy yutuqlar va ekologik tashabbuslarni taqdim etmoqda. Ekspozitsiya Orol dengizining qurishi, yerlarning degradatsiyasi, suv resurslari taqchilligi va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlarni namoyish etadi.
Orolbo‘yi ekotizimlarini tiklash, hududlarning iqlimga chidamliligini oshirish, barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish va tabiatdan foydalanishning innovatsion texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan loyihalar ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilarning alohida e’tiborini tortmoqda.

Xalqaro ekologik ko‘rgazma doirasida “BLUE SATREPS loyihasi doirasida tashkil etilgan “Orol dengizi mintaqasida barqaror qishloq xo‘jaligi va yerdan foydalanishni rivojlantirish maqsadida iqlim o‘zgarishi va yerlarning sho‘rlanishi oqibatlarini bartaraf etish uchun kompleks ekologik yondashuvlar va texnologiyalar” panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va Yaponiya olimlari va ekspertlari ishtirok etib, tadqiqotlar natijalari va barqaror rivojlanish uchun innovatsion yechimlarni taqdim etdilar.

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”) rektori Baxtiyor Po‘latov, Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi direktori doktor Baxitjan Xabibullayev, Kioto universiteti professori doktor Kendzi Tanaka markaz faoliyati va mintaqada ilmiy ishlanmalarni joriy etish istiqboliga, Orol dengizi mintaqasidagi iqlim o‘zgarishi va suv resurslari bo‘yicha kutilmalarini taqdim etdi. Ishtirokchilar loyiha iqlimga chidamli ekotizimlarni rivojlantirish uchun muhim xalqaro platforma ekanligini ta’kidladilar.
Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazining “Eco Expo Central Asia 2026” ko‘rgazmasida ishtirok etishi O‘zbekistonning Orolbo‘yi ekologik muammolarini hal qilishdagi muvaffaqiyatli tajribasini xalqaro hamjamiyatga namoyish etish, ilmiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun innovatsion yondashuvlarni ilgari surish uchun muhim imkoniyatdir.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.