Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori doirasida “Qashshoqlikdan farovonlik sari” dasturi amalga oshirilmoqda.
Ushbu dastur ijrosini ta’minlashda barcha davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Kadastr agentligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i M.Abdirahmonov dastur doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida ma’lumot berdi.

–Kadastr agentligi ham mazkur jarayonda faol ishtirok etib, aholini qo‘llab-quvvatlash, xususan, tomorqalardan unumli foydalanish hamda tabiiy resurslardan oqilona va innovatsion usulda foydalanishni tashkil etish orqali kambag‘allikni qisqartirishda o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Jumladan, sug‘orish tizimida quyosh energiyasidan foydalanish yangi yechim bo‘lmoqda. Mazkur dastur doirasidagi muvaffaqiyatli loyihalardan biri bu Surxondaryo viloyati Qiziriq tumani Takiya mahallasida amalga oshirildi. Bu yerdagi 198 ta xonadon, 865 nafar aholi va 22 gektar tomorqa yer maydonlari to‘liq o‘rganildi.
Aholining yerlaridan samarali foydalanishini ta’minlash maqsadida 60 kilovatt quvvatga ega quyosh panellari asosida ishlaydigan suv chiqarish nasosi o‘rnatildi. Ushbu zamonaviy yechim orqali fuqarolarning sug‘orish uchun elektr energiyasiga bog‘liq xarajatlari keskin kamaytirildi, natijada aholining tomorqa faoliyatini yuritishi osonlashdi.

E’tiborlisi shundaki, quyosh energiyasidan foydalanish nafaqat iqtisodiy jihatdan samarali, balki barqaror energetika va atrof-muhitni muhofaza qilish nuqtai nazaridan ham o‘ta dolzarbdir.
Tomorqa daromad va oziq-ovqat xavfsizligi manbai hisoblanadi.
Buni Takiya mahallasining misolida ko‘rish mumkinki, tomorqalardan samarali foydalanish aholi turmush tarziga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Ushbu jarayonda aholi bilan o‘tkazilgan suhbatlar davomida, turli sabzavot, poliz va dukkakli ekinlar yetishtirish, mavsumiy mahsulotlarni jamlash hamda bozorda sotish borasida amaliy tavsiyalar berildi.
Bu esa, har bir oilani o‘zini o‘zi ta’minlashga undashi, qolaversa, ortiqcha mahsulotni bozorga chiqarish orqali daromad manbai yaratishi mumkinligini ko‘rsatdi. Tomorqadan unumli foydalanish bu faqat erishilgan natija emas, balki uzoqni ko‘zlagan iqtisodiy siyosatning mantiqiy davomidir.

"Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi bu yordam kutib o‘tirish emas, balki har bir insonni faol hayot pozitsiyasiga chaqirish, uning mehnati va tashabbusini qo‘llab-quvvatlashning mukammal tizimidir. Bu dasturning muvaffaqiyatli amalga oshishi faol fuqarolik pozitsiyasi, ya’ni aholining o‘zgarishlarga tayyorligi va faol ishtirokisiz mumkin emas.
Qiziriq tumanidagi tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, agar har bir hududdagi ish mahalliy sharoit, resurs va ehtiyojlardan kelib chiqib amalga oshirilsa, natijalar ham samarali bo‘ladi. Innovatsion yondashuv, aholi bilan muloqot va yechimlarning realligi farovonlik poydevori.
Xulosa o‘rnida, kambag‘allikni qisqartirish va farovon jamiyat qurish bu uzoqni ko‘zlagan, tizimli va hamkorlikka asoslangan jarayon. Kadastr agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan tashabbuslar bu borada namunaviy loyihalardan biri sifatida e’tirof etilishi mumkin.
Bugun joriy etilgan quyosh panellari, erishilgan natijalar va aholining shijoati ertangi kun farovonligining poydevori hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA