Innovatsion g‘oyalar va amaliyot
Poytaxtimizda 19-may kuni Toshkent xalqaro innovatsiya forumi ish boshladi.
Poytaxtimizda 19-may kuni Toshkent xalqaro innovatsiya forumi ish boshladi.Anjuman O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Iqtisodiyot vazirliklari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi «Iste’dod» jamg‘armasi, Savdo-sanoat palatasi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati hamkorligida tashkil etildi. Unda qator vazirlik va idoralar, moliyaviy va ilmiy muassasalar, sanoat korxonalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari, oliy o‘quv yurtlari vakillari, shuningdek, AQSh, Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Gretsiya, Rossiya, Armaniston va boshqa mamlakatlardan olimlar va mutaxassislar, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti Sh.Solihov, Savdo-sanoat palatasi raisi A.Shayxov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy vakili S.Prisner, YuNESKO vakolatxonasi rahbari K.Pikkat va boshqalar O‘zbekistonning ilmiy-intellektual salohiyati juda yuqori ekanini, Prezident Islom Karimov rahnamoligida mazkur soha izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Fundamental ilm-fan va amaliy tadqiqotlar davlat grantlari, investitsiyalar orqali qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, jamiyat taraqqiyotidagi har qanday o‘zgarishlar, yangiliklar, ayniqsa, insoniyat rivojiga katta turtki beradigan jarayonlar, kashfiyotlar o‘z-o‘zidan yuz bermaydi. Buning uchun avvalo asriy an’analar, tegishli shart-sharoit, tafakkur maktabi, madaniy-ma’naviy muhit mavjud bo‘lmog‘i kerak.
Yurtimiz azaldan ilm-fan markazlaridan biri bo‘lgan. Ona zaminimizdan ko‘plab buyuk olimlar, mutafakkirlar yetishib chiqqan. Ularning matematika, fizika, kimyo, astronomiya, tibbiyot, tilshunoslik, falsafa kabi ko‘plab sohalarga oid asarlari, olamshumul ilmiy kashfiyotlari jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan.
Bu tafakkur maktabi hozirgi kunda ham davom etmoqda. Zamonaviy bilim va texnologiyalarni puxta egallagan, zarur laboratoriya va moddiy resurslar bilan ta’minlangan yosh olimlar, tadqiqotchilar keng ko‘lamli ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Ularning yangi ishlanma va loyihalari hayotga tatbiq etilmoqda.
Mamlakatimizning o‘sib borayotgan ilmiy salohiyati va innovatsion iqtisodiyoti xalqaro hamjamiyatning e’tiborini jalb etmoqda. Shu bois VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasi doirasida ilk bor Toshkent xalqaro innovatsiya forumi tashkil etildi.
Anjumanda mamlakatimizda ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, fan va ishlab chiqarish integratsiyasini kengaytirish, innovatsion loyihalarni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaralariga e’tibor qaratildi. Bu milliy iqtisodiyotimizni tarkibiy o‘zgartirish va izchil yangilashga, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga hissa qo‘shayotgani qayd etildi.
– Jahon bozorida raqobat kuchayib borayotgan bugungi kunda iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etayotir, – dedi “The Takeda Foundation” jamg‘armasi katta boshqaruvchi direktori Norio Oto (Yaponiya). – O‘zbekistonda sanoatni rivojlantirish, resurslarni tejash, mahalliy xomashyodan foydalanish, mahsulotlar sifati va raqobatbardoshligini oshirish, eksportni kengaytirishda innovatsion texnologiya va loyihalardan samarali foydalanilayotganiga guvoh bo‘ldik. Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasini kuzatib, O‘zbekiston g‘oyat ulkan ilmiy-intellektual salohiyatga ega ekaniga ishonch hosil qildik. Mamlakatingiz bilan bu borada faol hamkorlik qilishdan manfaatdormiz.
O‘zbekistonda ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlik bir necha mushtarak maqsadlarni ko‘zda tutadi. Xalqaro bozorda raqobat kuchayib borayotgani sababli xo‘jalik yurituvchilar eng ilg‘or texnologiyalarga ehtiyoj sezmoqda. Bunday texnologiyalar mablag‘, xomashyo va boshqa resurslarni kam sarflagan holda yuqori sifatli va xaridorgir mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Texnologik yangiliklarni yaratayotgan olimlar ham yakuniy natija – ularning amalda o‘zlashtirilishidan manfaatdor.
Bunday oqilona yondashuv tufayli O‘zbekistonning ilmiy salohiyati tobora yuksalib bormoqda. Mamlakatimizda yaratilgan intellektual mahsulotlarga bugun ham ichki, ham tashqi bozorda talab oshmoqda. Mazkur xalqaro forumda eng rivojlangan mamlakatlardan ko‘plab mutaxassislar ishtirok etayotgani buning yorqin tasdig‘idir.
– Ushbu forum O‘zbekistonning innovatsiya sohasida erishayotgan ulkan yutuqlari bilan tanishish, o‘zaro bilim va tajriba almashish, hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish imkonini berayotgani bilan ahamiyatlidir, – dedi Toshkentdagi Turin politexnika universiteti prorektori Andrea De Marki (Italiya). – Barcha sohalarga yangi texnologiyalar, innovatsion ishlanmalar keng joriy etilayotgani mamlakatingiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda. O‘zbekiston olimlari, ayniqsa, intiluvchan va bilimli yoshlar yuksak salohiyati bilan hammaning havasini tortmoqda. Italiya bilan O‘zbekiston hamkorligi innovatsion rivojlanish sohasida ham izchil rivojlanishiga ishonaman.
2008-2014-yillar davomida o‘tkazilgan Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkalarida yurtimiz olimlari tomonidan yaratilgan 3500 dan ziyod innovatsion g‘oya va ishlanmalar, texnologiyalar namoyish etildi, umumiy qiymati 86,8 milliard so‘mlik 2300 dan ortiq shartnoma imzolandi. Natijada bir trillion so‘mdan ziyod qiymatdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Bu ishlab chiqaruvchilarning olimlarimiz va ixtirochilarimiz tomonidan yaratilayotgan yangiliklarni xarid qilishdan g‘oyat manfaatdor ekanini ko‘rsatadi. Avval ular yangi texnologiyalarni asosan xorijdan sotib olgan bo‘lsa, endi innovatsiya yarmarkalarida ishtirok etib, mamlakatimizda yaratilgan ishlanmalarni afzal ko‘rmoqdalar.
Tadbirda bunday integratsiya samaralari xorijlik mutaxassislar tomonidan alohida e’tirof etildi.
– O‘zbekiston iqtisodiyoti izchil va barqaror rivojlanmoqda, – dedi xalqaro ekspert Bernardo Jeffrey Morante (Singapur). – Ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyasini kengaytirish, ular o‘rtasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish borasidagi ishlar bunda muhim o‘rin tutmoqda. Yurtingiz ilm-fani yutuqlari, yoshlarning novatorlik qobiliyati diqqatga sazovor.
Anjumanning xorijlik ishtirokchilari mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni ilmiy tadqiqotlarga keng jalb etish, ularning zamonaviy texnika va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini kuchaytirish, ijodiy tafakkur va yaratuvchilik salohiyatini rivojlantirish borasidagi ishlarni yuksak baholadi. O‘zbekistonda ta’lim, fan va amaliyot hamkorligini kengaytirish, innovatsion g‘oyalarni hayotga keng tatbiq etishga qaratilayotgan doimiy e’tibor jamiyat taraqqiyotini yuksaltirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Xalqaro forumning dastlabki kunida jahon innovatsiya tizimlari, bu borada taraqqiy etgan davlatlar tajribasi, mamlakatimizda innovatsion faoliyatni rivojlantirish istiqbollari, innovatsion iqtisodiyot sohasida kadrlar tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish kabi masalalar muhokama etildi.
Forum o‘z ishini «Innovatsion faollikni va tadbirkorlikni rivojlantirish» hamda «Yoshlar va innovatsiyalar» mavzulariga bag‘ishlangan sho‘ba majlislarida davom ettiradi. Unda ilmiy va texnologik parklarni mustahkamlash, yoshlarning innovatsion faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, korxonalar boshqaruvida innovatsion yondashuvlar, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi kabi masalalar yuzasidan fikr almashiladi.
Xalqaro forumning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Ikromov so‘zga chiqdi.