Innovatsion g‘oyalar ishlab chiqarishga
Namanganda kimyo texnologiya va oziq-ovqat sanoati korxonalarida innovatsion g‘oyalarning tatbiq etilishi masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Namanganda kimyo texnologiya va oziq-ovqat sanoati korxonalarida innovatsion g‘oyalarning tatbiq etilishi masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Namangan muhandislik-texnologiya instituti hamkorligida tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining bir qator ilmiy tadqiqot institutlari, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahridagi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari, izlanuvchilar, magistrantlar, kasb-hunar kollejlari va ishlab chiqarish korxonalari vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirish va uning ishlab chiqarish bilan integratsiyalashuvi, innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etish orqali iqtisodiyot va fan-texnika taraqqiyotini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Ilmiy-amaliy anjumanda noorganik moddalar texnologiyasini takomillashtirish, organik va yuqori molekulyar birikmalar ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoatida xavfsizlik masalalarini hal etishda innovatsion texnologiyalar, kimyo, oziq-ovqat texnologiyasini o‘qitishda ilg‘or pedagogik texnologiyalar va fan yangiliklari mavzularida ma’ruzalar tinglandi.
– Anjumanda fan-texnika hamda ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlik samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama etildi, – deydi Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, fizika-matematika fanlari doktori Odiljon Mamatkarimov. – Tabiiy resurslarni qayta ishlashda chiqindisiz texnologiyalarni joriy qilish, mevadan shifobaxsh konsentratlar tayyorlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, mahalliy xomashyodan selluloza olish va mineral o‘g‘itlar tayyorlashda innovatsion texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan ilmiy izlanishlarga, ayniqsa, tadbirkor va ishbilarmonlar tomonidan katta qiziqish bildirildi.
Kimyo va oziq-ovqat sanoati korxonalarida yangi texnologiyalarni joriy etish, mavjud texnologiyalarni takomillashtirishda innovatsion g‘oyalar, ishlab chiqarishda ekologik zararsiz texnologiyalarni qo‘llash istiqbollari, o‘qitishda ilg‘or pedagogik texnologiyalardan foydalanish yuzasidan fikr almashildi.