Inklyuziv ta’lim faollari Farg‘onada bellashdi
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahridagi 5-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Yilning eng faol maxsus pedagogi” tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov alohida ta’lim ehtiyojiga ega bolalar bilan ishlayotgan pedagoglarning kasbiy mahoratini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish hamda maxsus ta’lim tizimida samarali faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Dolimov ishtirok etib, inklyuziv ta’limni rivojlantirishda maxsus pedagoglarning o‘rni va mas’uliyati muhim ekanini ta’kidladi.
Tanlovda viloyatdagi 201 ta umumta’lim maktabi ishtirok etgan tuman bosqichlari g‘oliblari orasidan saralangan 19 nafar pedagog bellashdi.
Ishtirokchilar amaliy korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar, “Mening pedagogik faoliyatim” taqdimoti hamda kasbiy bilim va kompetensiyalar bo‘yicha sinovlarda o‘z mahoratini namoyon etdi. Baholash jarayonida innovatsion yondashuvlar, metodik ishlanmalar va zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalariga alohida e’tibor qaratildi.
[gallery-29609]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, Bag‘dod tumanidagi 59-sonli umumta’lim maktabi maxsus pedagogi Umida Qosimova g‘olib deb topildi.
G‘olib joriy yil avgust oyida o‘tkaziladigan “Inklyuziv ta’limni rivojlantirish: muammolar va innovatsion yechimlar” mavzusidagi respublika konferensiyasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA