Toshkent shahridagi Inha universitetida O‘zbekiston ta’lim tizimiga xorijiy tajribalarni joriy etishning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayonini nafaqat davlat, balki xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarga to‘xtalib o‘tdi.
O‘zbekistonda Yevropa tajribasi asosida Milliy malakalar ramkasi ishlab chiqildi. Milliy malaka darajasi va deskriptorlariga muvofiq kasb standartlari ishlab chiqilib, shu asosda oliy ta’lim tashkilotlari o‘z ta’lim dasturlarini ishlab chiqmoqda. Ya’ni mehnat bozori va ta’lim xizmatlari bozorini bog‘lovchi yaxlit tizim uchun tamal toshi qo‘yildi. Bu talabalarning mehnat bozoridagi raqobatdoshligini oshiradi, «hayot davomida o‘qish» orqali mehnat bozori o‘zgarishlarga tez va xarajatlarsiz moslashib keta oladi.
Albatta, Milliy malakalar ramkasi samarali ishlashi uchun ta’lim sifatini ta’minlash tizimini ham takomillashtirdik. Yevropa standartlari va ko‘rsatmalari (ESG) asosida mazkur yo‘nalish uchun yangi institutsional asos yaratildi. Oliy ta’lim muassasalaridan kutilishi mumkin bo‘lgan jihatlar ishlab chiqildi. Ta’lim sifatini ichki va tashqi ta’minlash tizimi joriy etildi. Barcha OTMlarda ta’lim sifatini ichki ta’minlashga mas’ul bo‘limlar tashkil etildi. Ushbu tizimning mavjudligi va samarali ishlashi akkreditatsiyadan o‘tishning asosiy sharti etib belgilandi. Mazkur jarayonlarga nafaqat OTM jamoasi va malakali ekspertlar, balki ish beruvchilar va talabalar ishtiroki ham yo‘lga qo‘yildi.
Ta’lim dasturlari va beriladigan kvalifikatsiyalar Milliy malakalar ramkasiga muvofiq baholanishi joriy etildi.
OTMlar tayyorlaydigan kadrlarning mehnat bozoridagi o‘rni va ularning kadr buyurtmachilari tomonidan e’tirof etilishi akkreditatsiyaning asosiy mezonlardan biri sifatida qabul qilindi. Akkreditatsiya jarayonlari endi sohadagi mustaqil ekspertlar tomonidan o‘tkaziladi.
– Toshkent shahridagi Inha universiteti ham yaqinda ilk marotaba milliy akkreditatsiyadan o‘tkazildi. – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev. – O‘rganish jarayonida biz ikkita muhim jihatga guvoh bo‘ldik. Birinchidan, OTMda ta’lim sifatini ichki ta’minlash mexanizmi samarali ishlamoqda. Universitet ta’lim sifatini ta’minlashga o‘zi mas’ul ekanligini anglagan holda va ta’lim sifatini yanada yaxshilash maqsadida har yili Koreyadan mustaqil baholash guruhini taklif qilib, o‘zini-o‘zi baholatyapti. Baholash natijalari va takliflari bo‘yicha ta’lim sifatini yanada oshirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshiryapti. Ikkinchidan, ish beruvchilar tomonidan universitet bitiruvchilarining bilimi va malakasi yuqori e’tirof etilmoqda. Ish beruvchilar bilan o‘tkazilgan so‘rovnomalar va intervyularda OTM va mehnat bozori hamkorligini amalda ko‘rdik. Talabalar ikkinchi kursdan boshlab ishlab chiqarishning muammolariga yo‘naltirilgan loyihalarga jalb etilishi bizni quvontirdi. Soha mutaxassislari va ish beruvchilar bilan doimiy ravishda uchrashuvlar tashkil etilishi, master klasslar tashkil etilishiga guvoh bo‘ldik. Natijada mustaqil ekspertlar tomonidan universitet faoliyati ijobiy baholandi va akkreditatsiyalandi.
Xususan, universitetlarni akkreditatsiyadan o‘tkazish jarayoni nafaqat davlat standartlari, balki xalqaro standartlarga ham muvofiqlashtirildi. Hamkor mamlakatlar o‘rtasida ma’lumot almashish uchun akkreditatsiyadan o‘tgan ta’lim muassasalarining reyestri ham yuritilmoqda.