990 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi
Poytaxtimizda O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2015-yilda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Poytaxtimizda O‘zbekiston Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tomonidan 2015-yilda amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.O‘zbekiston mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri A.Abduhakimov va boshqalar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror rivojlanib borayotgani aholi bandligini ta’minlash imkonini berayotganini ta’kidladi. 2015-yilda mamlakatimizda 980 mingdan ortiq ish o‘rni, shuning 60 foizdan ziyodi qishloq joylarda tashkil qilingani e’tiborga molik.
Bir ming ikki yuzdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi o‘tkazilib, ularda 62 ming kishi ishga joylashish bo‘yicha yo‘llanma olgan. Korxonalar bilan hamkorlikda 8 ming ishsiz fuqaro xaq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb etilgan.
– Yetti mingdan ziyod fuqaro iqtisodiyotda talab qilinayotgan mutaxassisliklar bo‘yicha kasbga tayyorlandi, – deydi vazirlik boshqarma boshlig‘i Erkin Avezov. – 2 ming 400 nafar kishi “usta-shogird” usulida gilam to‘qish, ganchkorlik, teri, yog‘och va temirdan badiiy mahsulotlar tayyorlash, milliy qandolatchilik va boshqa kasblar bo‘yicha o‘qitildi.
Aholini ijtimoiy muhofaza qilish borasida ham qator ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 1 sentyabrdagi qaroriga muvofiq o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz pensionerlar 15 turdagi mahsulotlar bilan ta’minlandi. Yolg‘iz, pensioner va nogironlarga 2 ming nafardan ziyod ijtimoiy xodimlar, shuningdek, Qizil yarim oy jamiyatining mehr-shafqat hamshiralari biriktirildi.
Jismoniy va yuridik shaxslarning 4 mingga yaqin ariza va shikoyatlari o‘rganildi. Jumladan, ish xaqini o‘z vaqtida to‘lamaslik bo‘yicha bir ming uch yuzdan ziyod, noqonuniy ravishda mehnat shartnomasini bekor qilish, bo‘sh ish o‘rinlarini yashirishga doir uch yuzga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi.
Matbuot anjumanida joriy yilgi rejalar xususida ham ma’lumot berildi. Xususan, 2016-yilda 990 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallanmoqda. Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnatni muhofazalash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob qaytarildi.