“Yangi O‘zbekiston” universitetida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan Koreya Respublikasining Chxunchxon-Namdo provinsiyasi ta’lim departamenti delegatsiyasi bilan hamkorlikda tizimdagi informatika fani ustozlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etildi.
Seminar mashg‘ulotlarining ochilishida vazirlik hamda Koreya ta’lim tizimi mutasaddilari, mamlakatimizning informatika fani o‘qituvchilari ishtirok etdi.
Bugungi kunda axborot texnologiyalari shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Bu esa o‘qituvchilardan o‘z bilim va malakalarini muttasil tarzda oshirib borishni talab etmoqda.
–Tashkilotimiz O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlik memorandumini imzolagan, – dedi Chxunchxon-Namdo provinsiyasi ta’lim departamenti rahbari Shin Kyong Xi. – Mazkur seminar ham o‘zbekistonlik informatika fani o‘qituvchilarining bilimlarini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Koreyada ko‘plab davlatlardan, shuningdek, O‘zbekistondan ham talaba-yoshlar tahsil oladi. Ularning bilimga intilishi, o‘qishga ishtiyoqi kuchli ekani diqqatga sazovor. O‘ylaymanki, mazkur seminar fan o‘qituvchilari uchun foydali bo‘ladi.
–Ikki yil avval Koreyaga safarga borib, u yerdagi ta’lim tizimi bilan tanishgandik, – dedi Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 9-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi informatika fani o‘qituvchisi Ulug‘bek Mamatqulov. – Masalan, Koreyada har bir o‘quvchiga individual tarzda yondashiladi. Imkon qadar Koreyaning ta’lim tizimidagi foydali jihatlarni o‘zimizga ham joriy etishga harakat qildik. Buning natijasida bir necha o‘quvchilarimiz xorijiy universitetlarning talabasi bo‘ldi. Telefonlarga munosabatda ham bolalarning avval tarbiyasini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib, keyin smartfonlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Bizda bolalarga telefonlarni ishlatishda ba’zan taqiqlar qo‘yilsa, Koreyada o‘quvchilarning telefon imkoniyatlaridan ko‘proq foydalanishi uchun sharoit yaratiladi. Albatta, bunda bolaning mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga katta e’tibor qaratiladi. Shu ma’noda o‘quvchilarning ilg‘or texnologiyalarga oid bilimlari doimiy oshib boradi. Ushbu seminardan olgan bilimlarimizni joylarda o‘z hamkasblarimizga yetkazishni niyat qilganmiz.
Seminar-mashg‘ulotlari davomida koreyalik malakali mutaxassislar tomonidan blok kodlash jarayonining o‘ziga xos tomonlari, matnlarni kodlash, robotlar yordamida dasturiy ta’minotni o‘rganish, sun’iy intellekt yordamida dasturiy ta’minotni o‘rgatish kabi mavzular yuzasidan atroflicha so‘z yuritildi.
Shuningdek, Koreya Respublikasining Chxunchxon-Namdo provinsiyasi ta’lim departamenti tomonidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga 30 dona noutbuk va elektron doska, router beg‘araz va moddiy ko‘mak sifatida taqdim etildi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri