Informatika fani o‘qituvchilari sun’iy intellekt yo‘nalishida xorijda malaka oshiradi
O‘zbekistonning barcha hududlaridan saralangan o‘qituvchilar ishtirokida Gonkong Fan va texnologiyalar universitetida sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturi o‘z ishini boshladi.
Mazkur dastur Gonkong Fan va texnologiyalar universitetining Guanchjou kampusida tashkil etilmoqda. Ochilish marosimida universitet prezidenti professor Lionel M.Ni hamda O‘zbekiston Respublikasining Guanchjou shahridagi Bosh konsuli Sultanbek Imomov ishtirok etdi.
Loyiha O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida sun’iy intellekt, ta’lim va ilg‘or texnologiyalar sohasidagi hamkorlikning yana bir muhim amaliy natijasidir. Dastur davomida o‘qituvchilar sun’iy intellekt sohasidagi eng so‘nggi yondashuvlar, zamonaviy o‘qitish metodlari va amaliy texnologiyalar bilan tanishib, universitet professorlari va mutaxassislari bilan tajriba almashadi.
“Day of AI” loyihasi doirasida respublika bo‘ylab 1 ming 400 nafar informatika fani o‘qituvchisi sun’iy intellekt yo‘nalishida malaka oshirdi. Ular orasidan eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan 50 nafar o‘qituvchi ushbu xalqaro dasturda ishtirok etish uchun saralab olindi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, Gonkong Fan va texnologiyalar universiteti — dunyoning yetakchi universitetlaridan biri bo‘lib, “QS World University Rankings 2027” reytingida 33-o‘rinni egallagan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA