Ijtimoiy soha va odamlar gavjum obyektlarda jami 100 ming kvadrat metrdan ortiq maydonda dezinfeksiyalash ishlari oʻtkazilgan
Infeksiya tarqalishini oldini olish borasida jamoat joylarida qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Infeksiya tarqalishini oldini olish borasida jamoat joylarida qator profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, bozorlar, savdo majmualari, markaziy koʻchalarda, ijtimoiy soha va odamlar gavjum obyektlarda jami 100 000 kv.metrdan oshiq maydonda dezinfeksiyalash tadbirlari oʻtkazilib, bu ishlar kundan-kunga kuchaytiriladi.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huzuridagi shtabda Favqulodda vaziyatlar vazirligi Bosh boshqarma boshligʻi Davron Kambarov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda bu haqida maʼlum qilindi.
— Avtotransport vositalarini dezinfeksiya qilish uchun har bir postga xodimlar biriktirilgan boʻlib, Ichki ishlar, Milliy gvardiya va profilaktik dezinfeksiyalash stansiyalari bilan hamkorlikda 107 mingdan oshiq avtotransport vositalari dezinfeksiyadan oʻtkazildi, dedi Davron Kambarov.
Shuningdek, u hozirgi kunda karantin sharoitida xonadonlarda yongʻin chiqish holatlarning oldini olish uchun qanday choralar koʻrish kerakligini eslatib oʻtdi.
Ochiq olovdan foydalanishda eʼtiborsiz boʻlmaslik, ehtiyotkorlik va yongʻin xavfsizligi choralarini koʻrish, alanga va choʻgʻlarni oʻchirmasdan qoldirmaslik, nosoz boʻlgan elektr sim va vositalarini taʼmirlashni yoki ishlatmaslik kabilar shular jumlasidandir.