Indoneziyada o‘quvchilar ovqatdan zaharlandi
Indoneziya Prezidenti Prabovo Subianto tomonidan joriy qilingan bepul ovqatlanish dasturiga putur yetishi butun mamlakat bo‘ylab hukumatga qarshi namoyish avj olishiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Al-Jazeera” yozgan.
Mamlakat g‘arbidagi Bengkulu muzofotida 400 ga yaqin bola maktabda beriladigan tekin ovqatdan kasallangach, tergov boshlangan. Aytishlaricha, bu davlat rahbarining homilador ayollar va bolalar uchun oziq-ovqat dasturi doirasidagi ommaviy zaharlanish bilan bog‘liq eng yomon holat.
– Rasmiylar holat sababini tekshiradi, – dedi Bengkulu vitse-gubernatori Mian. – Biz zaif jihatlar qayerda ekani aniqlanguncha, oshxona faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turamiz. Bu borada BGN (Milliy Oziqlantirish agentligi) tergov guruhi va rasmiylari zimmasiga jiddiy mas’uliyat yuklanadi. Agentlikning dasturni nazorat qiluvchi mas’ul xodimi Dadan Hindayana ushbu oshxona yaqinda ish boshlaganini aytib, xodimlarga taom sinovi natijasini kutib, xizmat sifatini baholash bo‘yicha ko‘rsatma bergan.
Mamlakat maktablarida bepul ovqatlanish dasturi ishga tushgach, jarayon tez sur’atda kengayib, hozir 20 milliondan ortiq benefitsiarni qamrab olgan Rasmiylar bu raqamni yil oxirigacha 83 millionga yetkazishni maqsad qilgan.
Joriy yil uchun byudjetdan jami 10,52 milliard dollar ajratilgan mazkur Prezident dasturi yanvar oyida ishga tushgan. Afsuski, o‘tgan davr mobaynida ayni tashabbus ortidan yuzlab odam zaharlandi. Xususan, Bengkuluda 4-12 yoshli bolalar o‘tgan payshanba oshqozon og‘rig‘idan shikoyat qilgach, mahalliy kasalxonaga olib ketilgan.
Ommaviy kasallik haqidagi xabarlar Prezident Prabovo Ikkinchi Jahon urushi tugashiga bag‘ishlangan tadbirlarda qatnashish uchun Pekinga ketganda, Indoneziya bo‘ylab hukumatga qarshi norozilik namoyishi boshlangandan bir necha kun o‘tib paydo bo‘ldi.
M.Pirmatova, O‘zA