Indoneziya parlamenti vakillari va talabalar uchrashuvi
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Indoneziya parlamenti Vakillar palatasi Parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mardani Ali Sera boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Universitet professor-o‘qituvchilari, talabalar ishtirok etgan uchrashuv davomida O‘zbekiston va Indoneziya munosabatlarining bugungi holati, jumladan, iqtisodiyot, siyosat, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik yo‘nalishlari istiqboli xususida so‘z bordi. Mehmonlarda, ayniqsa, yurtimizda sayyohlik yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar, ushbu sohani rivojlantirish uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar va diyorimizdagi tarixiy yodgorliklar haqidagi ma’lumotlar katta qiziqish uyg‘otdi. Darvoqe, indoneziyaliklar universitetga tashrif buyurishdan oldin Samarqand viloyatida bo‘lishgan.

Tadbir chog‘ida delegatsiya a’zolari uchun Indoneziya to‘g‘risida hikoya qiluvchi qisqacha qiziqarli taqdimot ham namoyish etildi. Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish o‘rinli, universitet talabalari ushbu davlatning bugungi kuni, mamlakatdagi mavjud madaniy meros ob’ektlari bilan bog‘liq noodatiy suhbatga ham qo‘shildilar.
Muloqot so‘ngida yoshlarning sun’iy intellekt, jamiyatda ayollar o‘rni, turizm va mamlakatlar barqaror rivojlanishi muammolari kabi dolzarb masalalar bo‘yicha savollariga javob berildi.
Behro‘z XUDOYBERDIEV, O‘zA