Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi va Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi huzuridagi Koreya ta’lim markazi bilan hamkorlikda ilk bor o‘tkazilayotgan «Incheon ta’lim festivali»ning yakuniy bosqichi va yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev, Incheon shahar ta’lim boshqarmasi Xalqaro ta’lim markazi direktori Leye Mi Yeong va boshqalar ishtirok etdi.
Mazkur festival o‘quvchilarni zamonaviy kasblarga yo‘naltirgan holda ularning ixtisoslashgan xalqaro dasturlar, loyihalar va tanlovlarda ishtirok etishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilg‘or, tashabbuskor va ijodkor o‘g‘il-qizlarni aniqlash, ularning qobiliyati, mahoratlarini ro‘yobga chiqarish va munosib rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.
Aytish kerakki, festivalning birinchi bosqichi joriy yilning 27-31 may kunlari Agentlik tizimidagi maktablar va umumta’lim muassasalarining koreys tilini V1 darajasida biladigan 7-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida onlayn formatda o‘tkazilgan edi.
Eng yuqori ball to‘plagan 20 nafar o‘quvchi festivalning yakuniy bosqichida ishtirok etib, bilim va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.
Festival doirasida Koreya oliy ta’lim muassasalari vakillari ishtirokida «Ta’lim yarmarkasi» ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur festival yakuniy natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan 5 nafar ishtirokchi Koreya Respublikasiga sayohat va bilim almashish bo‘yicha safar yo‘llanmasi bilan taqdirlandi.
N.Usmonova, O‘zA