Imzo to‘plash: yurtdoshlarimiz siyosiy jarayonga befarq emas
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi ham bo‘lajak saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plash jarayoniga faol qatnashmoqda.
Mazkur jarayonda partiyaning Andijon viloyati Kengashi tomonidan fuqarolarning ish, xizmat, yashash joylarida targ‘ibot-tashviqot va imzo to‘plash ishlari amaldagi qonun doirasida olib borilmoqda. Mazkur jarayonda Xalq deputatlari tuman, shahar va viloyat Kengashlarining deputati ham faol qatnashmoqda.
– Imzo to‘plash tadbirlarida nafaqat partiyamiz faollari, balki saylovchilar ham yakdillik bilan qatnashayotganligidan ularning mamlakatimiz istiqboliga daxldor muhim siyosiy jarayonga befarq emasliklarini ko‘rish mumkin, – deydi O‘zLiDeP Andijon viloyati kengashi raisi Xurshidaxon Xalilova. – Bu yurtdoshlarimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksalib, jamiyat va davlat hayotida siyosiy partiyalarning nufuzi ortib borayotganligini ko‘rsatadi.
[gallery-18595]
Ta’kidlash kerakki, O‘zLiDeP joriy yilgi parlament saylovlariga o‘zining mutlaqo yangi strategiyasi bilan kirib kelmoqda. Ana shu strategiya doirasida O‘zLiDeP xalqning ichiga yanada chuqurroq kirib borishi, uyma-uy yurib, har bir xonadonga kirib chiqishni, har bir saylovchiga partiya g‘oyalarini yetkazishni, ularning taklif, fikr va mulohazalarini o‘rganishni maqsad qilgan.
Andijon shahridagi Yoshlar texnoparki, shuningdek, turli korxona, tashkilotlarda bo‘lib o‘tayotgan ana shunday tadbirlarda saylovchilar tomonidan partiyaning tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar va ayollarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qonunchilikni takomillashtirish hamda saylovchilar bilan ochiq muloqotlarda ko‘tarilgan muammolarni hal etish yo‘nalishidagi amaliy ishlari alohida e’tirof etildi.
O‘zLiDePning imzo to‘plash tadbirlari davom etmoqda. Tadbirlar qonunchilikda belgilangan tartiblar asosida o‘tkazilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari