Imtiyozli kartani sotib olish uchun nega ortiqcha hujjat talab etilyapti?
Bugun, 1 fevralda oylik transport kartalarini sotish shoxobchalari odamlar bilan gavjum. O‘quvchilarga imtiyozli kartani sotib olish uchun tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, ota-onasining pasport nusxasi, talabalar uchun esa pasport nusxasi, talabalar uchun talabalik guvohnomasi talab etilmoqda. Bu esa yo‘lovchilarda asabbuzarlik kayfiyatini paydo qilayapti.
"Toshshahartransxizmat" AJ axborot xizmati rahbari Azim Muhammadjonov bunga quyidagicha izoh berdi.
– Har bir davlat jamoat transportida eng so‘nggi texnologiyalarni joriy etish, ushbu soha rivojlanishining eng asosiy omili ekanligini jahon tajribasi ko‘rsatib turibdi. O‘zbekistonda ham jamoat transportida avtomatlashtirilgan to‘lov tizimining joriy etilishi nafaqat yo‘lovchilarga, balki jamoat transportining bir qator kamchilliklarini ko‘rsatib, uni bartaraf etishda yordam berishi kutilmoqda.
Avvalo, yagona transport kartalaridan foydalanadigan yo‘lovchilar navbat kutishda muammolarga duch kelishmaydi, shuningdek, qaytim kutish, o‘zlari bilan mayda pul olib yurish va, eng asosiysi, to‘lovning shaffof bo‘lishi ta’minlanadi.
Imtiyozli transport kartalari, ya’ni talaba, o‘quvchi hamda ijtimoiy nafaqa turidagi transport kartalari esa qog‘ozli oylik yo‘l chiptalariga qaraganda birmuncha qulayliklarni taqdim etadi.
Masalan, ushbu kartalarda kunlik tariflarning joriy etilishi, yo‘lovchilar bir oyda jamoat transportida ma’lum bir kun harakatlanishiga qarab tariflarni xarid qilishi imkoniyatini yaratadi.
Shu bilan birga, imtiyozli transport kartalarining shaxsiylashtirilishi mazkur kartadan foydalanadigan yo‘lovchilarning xavfsizligini ta’minlagan xolda, karta yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda yoki o‘g‘irlatib qo‘yilgan holatlarda ATTO operatori tomonidan eski karta bloklanib, yo‘lovchiga yangi kartani taqdim etish imkoniyatini yaratadi.
Shuni ham ta’kidlash kerakki, mazkur kartadan shartnomada ko‘rsatilgan yo‘lovchi foydalanmagan holatlar yuzaga kelganda, karta qaytarib olinib, shartnomada ko‘rsatilgan shaxsga nisbatan tegishli tarzda jarima qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Umuman olganda, imtiyozli transport kartalarini shaxsiylashtirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi orasidagi shu uch turdagi yo‘lovchilar qatlami qaysi avtobus yo‘nalishida va kunning qaysi qismida harakatlanishi haqidagi ma’lumotlar bazaga kelib tushadi va ushbu statistika orqali mazkur yo‘nalishlarda avtobus sonini ko‘paytirish yoki kunning qaysi qismida yo‘lovchi ko‘p bo‘lsa, oraliq vaqtlarini kamaytirish choralari ko‘rilishini ko‘rsatib beradi.
– Nafaqa yoshiga yetganlar uchun amaldan chiqarilayotgan qog‘oz ko‘rinishidagi oylik yo‘l chiptalarini qoldirishning iloji bormi? Ko‘plab yoshi katta insonlar navbatlarda qolib ketmoqda va texnologik narsalarga unchalik tushunmayotganiga guvoh bo‘linmoqda, bu esa noqulay emasmi?
– Qog‘oz ko‘rinishidagi oylik yo‘l chiptalari sotuvini to‘xtatishdan ko‘zlangan maqsad yuqorida ta’kidlab o‘tkanimizdek, aholining qaysi yo‘nalishda harakatlanayotgani haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishga to‘sqinlik qiladi. Bundan tashqari, soxta oylik yo‘l chiptalarining uchrab turishi ham yo‘lovchilarga birmuncha noqulayliklarni tug‘diradi. Shuningdek, qog‘oz ko‘rinishidagi oylik yo‘l chiptalari to‘lovning shaffof bo‘lishi imkoniyatini ham bir muncha pasaytiradi.
Hozirgi kunda mazkur kartalarni Toshkent shahridagi 70 ta transport kartalarini sotish shoxobchasidan xarid qilish mumkin.
– Karta xarid qilgan kundan boshlab amal qiladi, degan gapni tushuntirsangiz?
– Kartani birinchi bor xarid qilgan yo‘lovchilarga avtomatik tarzda 30 kunlik tarif yoqib beriladi. Bunda yo‘lovchilar birinchi bor to‘lovni amalga oshirgan kundan boshlab tarifda belgilangan kunga qadar amal qiladi. Masalan, 1 fevralda xarid qilingan karta 4 fevraldan boshlab to‘lovni amalga oshirsa, ushbu kundan e’tiboran 30 kun ichida yo‘lovchilar mazkur tarifdan cheklanmagan miqdorda foydalanishlari mumkin bo‘ladi. Agarda yo‘lovchilarga kunlik tariflar qulay bo‘lsa, ikkinchi oydan boshlab o‘zlariga qulay kunlik tariflarni sotib olishlari mumkin bo‘ladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish kerakki, yo‘lovchilar mazkur transport kartalaridan foydalanishayotgan vaqtda faqatgina shaxsan o‘zlari, to‘lovni qabul qiluvchi validatorga kartani tekkizgan holda to‘lovni amalga oshirishi, chiptachining qo‘liga imtiyozli kartani bermasligi talab etiladi. Shuningdek, kartani tekkizmasdan shunchaki kartochkani ko‘rsatib qo‘yish ham noto‘g‘ri hisoblanadi. Sababi, Toshkent shahar transport boshqarmasi inspektorlari to‘lov amalga oshirilgan yoki yo‘qligini tekshirish jarayonida sizning to‘lovingiz amalga oshirilmaganini aniqlashsa, aynan yo‘lovchiga nisbatan yo‘l pulini to‘lamaganlik uchun qonunchilikda belgilangan tartibda jarima belgilash ko‘zda tutilgan.
Shahnoza Mamaturopova, Oqil G‘ulomov (surat), O‘zA