Imtiyozli bemorlarni davlat hisobidan davolashning yangi tartibi kuchga kirdi
Joriy yil 1-iyul, ya’ni bugundan boshlab O‘zbekistonda davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari joriy etilgan hududlarda imtiyozli toifadagi bemorlarga hududiy darajada Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan yo‘llanma asosida bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyoti boshlanadi.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan «Davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida»gi nizomga ko‘ra, bepul tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi bosqichma-bosqich quyidagi darajalarda tashkil etiladi.
Tuman (shahar) darajasida – aholining barcha toifalariga;
Hududiy darajada – imtiyozli bemorlarga (2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tibbiy sug‘urtasi tizimi yo‘lga qo‘yilgan hududlarda);
Respublika darajasida – imtiyozli bemorlarga (2027-yil 1-yanvardan boshlab tegishli aholi toifalariga nisbatan qo‘llaniladi).
Yangi tartibga muvofiq, 2027-yilning boshidan boshlab davlat tibbiy sug‘urtasi tizimida yuqori texnologik tibbiy yordamdan bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lgan aholi qatlamlari ro‘yxati aniq belgilangan. Unga ko‘ra, quyidagi toifalarga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatiladi:
So‘nggi bir yil davomida kamida olti oy jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHODS) yoki ijtimoiy soliq to‘laganlar;
Soliq kodeksiga muvofiq mehnat stajini hisoblab chiqarish uchun belgilangan miqdorlarda soliq to‘lagan shaxslar;
Voyaga yetmaganlar, ta’lim tashkilotlarining o‘quvchi va talabalari;
Homilador ayollar hamda ikki yoshga to‘lmagan bolasini parvarishlayotgan shaxslar;
Mehnat organlarida rasmiy ravishda ishsiz sifatida ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar;
Davlat pensiyasini oluvchilar;
«Ijtimoiy reyestr»ga kiritilgan oilalarning a’zolari.
Davlat byudjeti hisobidan bepul tibbiy yordam olish uchun bemorlar, birinchi navbatda, o‘zlari biriktirilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasasiga (oilaviy poliklinika yoki shifokorlik punktiga) murojaat qilishlari lozim.
Imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarni ixtisoslashgan tibbiyot tashkilotlariga yuborish muayyan sharoitlarda, ya’ni faqatgina maxsus elektron axborot tizimi orqali tasdiqlanadigan yo‘llanmalar asosida amalga oshiriladi. Bu tizim mablag‘larning maqsadli sarflanishini va navbatlarning shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Mohigul Qosimova tayyorladi,
O‘zA