Imtiyoz va imkoniyatlar samarasi
Qashqadaryo viloyatida 17 mingdan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulotida ularning ulushi 62,1 fozni tashkil etdi.
Qashqadaryo viloyatida 17 mingdan ziyod kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. O‘tgan yili viloyat yalpi hududiy mahsulotida ularning ulushi 62,1 fozni tashkil etdi. Viloyatdagi tijorat banklari tomonidan ushbu sektorga 500 milliard so‘mga yaqin kredit ajratildi. Natijada 22 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlar o‘z samarasini berayotir. Buni Qashqadaryo viloyati misolida ham ko‘rish mumkin. Ayni paytda viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida 850 mingdan ziyod kishi mehnat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2008-yil 28-noyabrdagi “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi farmoni soha rivojida muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur hujjat ijrosi doirasida ish boshlagan “Sanam” mas’uliyati cheklangan jamiyatida qirq turdagi tikuvchilik mahsulotlari – maxsus kiyimlar, ko‘rpa-to‘shak, kostyum, erkaklar va ayollar mavsumiy liboslari ishlab chiqarilmoqda. Qarshi shahridagi ushbu korxonaning iqtisodiy ahvoli yildan-yilga yuksalmoqda.
– Tadbirkorlarga ko‘plab imtiyoz va qulayliklar yaratilmoqda, – deydi “Sanam” MChJ rahbari Sa’dulla Boboqulov. – Prezidentimizning 2009-yil 28-yanvardagi “Mahalliy nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarish kengaytirilishini rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida yagona soliq to‘lovi bo‘yicha katta imtiyozlar berildi. Shuning hisobidan korxonamiz ixtiyoriga o‘tkazilgan mablag‘ evaziga xorijdan bichuv uskunalari, elektron tikuv dastgohlari, matoga bezak beruvchi mashinalar keltirib o‘rnatdik. Natijada mahsulot ishlab chiqarish sifati va hajmi oshib, ikki yuzta yangi ish o‘rni yaratildi.
Ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida Mirishkor va Chiroqchi tumanlarida tashkil etilgan ushbu korxona filiallarida ham ko‘plab aholi ish bilan ta’minlandi. 2014-yili 8 milliard so‘mlik xalq iste’moli mollari ishlab chiqarishga erishildi.
O‘tgan yili poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida 1,2 milliard so‘mlik shartnoma imzolagan “Sanam”da ayni kunda 600 nafar ishchi mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati kollej bitiruvchilaridir.
– Bolaligimdan tikuvchi bo‘lishni maqsad qilganman, – deydi qarshilik Mohigul Otamurodova. – Shu yo‘nalishga ixtisoslashgan kollejda o‘qidim. Bugungi kunda “Sanam”ning tikuvchilik sexida ishlayotganim, doimiy daromadga ega bo‘layotganimdan xursandman.